Janubiy Koreya bilan sport sohasida hamkorlik aloqalari kengaymoqda

284

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 13 fevral kuni olimpiya va paralimpiya harakatini rivojlantirish, ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholining jismoniy faolligini oshirish chora-tadbirlari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida buyuk maqsadlarga har jihatdan sog‘lom va baquvvat bo‘lgan xalq erisha olishi, bunda jismoniy tarbiya va sportning ahamiyati beqiyosligi ta’kidlangan edi.

Darhaqiqat, dunyoga yuzlanayotgan Yangi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini oshirishda sportning o‘rni beqiyos.

Belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlashda ichki imkoniyatlardan keng foydalanish bilan birga, xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribalarini o‘rganish, pirovardida mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport infratuzilmasini yaxshilash muhim omil sanaladi.

Ayni kunlarda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining bir guruh olimlari, murabbiylari va professorlaridan iborat delegatsiya Janubiy Koreyada xizmat safarida bo‘lib turibdi.

Tashrif doirasidagi uchrashuvlarda Koreyaning nufuzli sport tashkilotlari va sport ta’limi muassasalari bilan talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish, milliy terma jamoalarning xalqaro o‘quv-mashg‘ulotlarini tashkil etish, tadqiqot va innovatsiyalar sohasida hamkorlik qilish, investitsiyalar va grantlarni O‘zbekistonga jalb etish yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.

–Janubiy Koreyaning bir qator universitetlari rektorlari, sport uyushmasi rahbariyati va ko‘plab ishbilarmonlar bilan muloqotlar chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Do‘stona o‘tgan uchrashuvlarda Janubiy Koreyada turli sport jihozlarini ishlab chiqarayotgan zavod va fabrikalar bilan amaliy hamkorlik masalalari tahlil etilib, kelishuvlarga erishildi, – deydi O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori Rashid Matkarimov.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA