O‘rganishlar davom etmoqda

197

Davlatimiz rahbarining joriy yil 3 yanvardagi “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘rganishlar davom etmoqda.

Ishchi guruh dastlab Xo‘jayli tumanida tashkil etilgan “Ijtimoiy shaharcha” faoliyati bilan tanishdi. Xususan, shaharchada yashovchi kam ta’minlangan va uy-joyga muhtoj bo‘lgan 220 ta nogironligi bo‘lgan oila vakillari bilan uchrashib, ular bilan bevosita muloqotlar jarayonida aniqlangan ijtimoiy muammolarni hal qilish yuzasidan mas’ullarga ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, tumanda tashkil etilgan idoralararo shtab faoliyati o‘rganilib, uning a’zolariga o‘z sohalari bo‘yicha mahallalarda qaror ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqqoniyligini o‘rganish va kunlik nazoratni qat’iy ta’minlab borish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Shu bilan birga, tuman hokimligi tomonidan hududda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashishda o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarni rag‘batlantirish maqsadida, “Xavfsiz ko‘chani tashkil etgan eng namunali mahalla yettiligi”, “Eng namunali xavfsiz maktab”, “Eng faol targ‘ibotchi tashkilot”, “Eng namunali profilaktika inspektori”, “Eng namunali faol nuroniy” yo‘nalishlari g‘oliblarini 15 million so‘mdan rag‘batlantirib borish tartibi belgilanganligi yangicha tashabbus sifatida e’tirof etildi.

Bundan tashqari, “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi tashkil qilindi. Unda yoshlar tomonidan bir qator takliflar bildirildi. Ulardan biri tumandagi kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun ingliz tilidan “IELTS” sertifikati olish maqsadida fond yaratish, ya’ni IELTS imtihonidan 6,5 ball to‘plagan o‘quvchining mablag‘i qaytarilishini va u fondga qo‘yilsa, keyinchalik boshqa kam ta’minlangan oila farzandining sertifikat olishiga zamin yaratilishi, natijada yoshlarning bilim olishga ishtiyoqi yanada oshishiga olib keladi, deb ta’kidlandi.

Shuningdek, ishchi guruh a’zolari maktab o‘quvchilari ishtirokidagi Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kuniga bag‘ishlangan kitobxonlik tadbirida ham ishtirok etib, o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

Tadbir yakunida o‘quvchilarga turli kitoblar sovg‘a qilindi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri