Ichimlik suv: muammo va yechimlar

325

“Qoraqalpoq suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyatida ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda, Orolbo‘yi aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlash, oqova suv xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha jamiyat tomonidan 2024 yil davomida olib borilgan ishlar va 2025 yilda bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar haqida ma’lumot berildi.

Bugungi kunda 2 million 29 ming nafar aholining 1 million 505 ming nafari markazlashtirilgan ichimlik suvi bilan, qolgan 524 ming nafari muqobil ichimlik suvi manbalari bilan ta’minlangan. Jamiyat tomonidan aholiga quvvati sutkasiga 140 ming/m3 bo‘lgan “Tuyamo‘yin”,  quvvati sutkasiga 60 ming/m3 bo‘lgan “Taxiatosh”, quvvati 65 ming m3/sutka bo‘lgan “Nukus” suv tozalash inshootlari orqali ichimlik suvi yetkazib beriladi. Shundan “Taxiatosh” suv tozalash inshooti quvvatini sutkasiga 120 ming /m3 ga yetkazish bo‘yicha loyiha ishlari, “Nukus” suv tozalash inshooti quvvatini sutkasiga 90 ming/m3 gacha yetkazish bo‘yicha qurilish ishlari amalga oshirilmoqda.

– 2024-2025 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida jami 45,2 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i, suv qurilmalaridagi 71 dona nasos agregatida ta’mirlash ishlari olib borildi, – deydi “Qoraqalpoq suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati direktori Qallibek Xalmuratov. – Ushbu ishlar natijasida 17 ta mahallada istiqomat qiluvchi 1 ming 152 nafar aholining suv ta’minoti yaxshilandi. Kuz-qish mavsumida tizimning barqaror ishlashini ta’minlash, tarmoqlarda amalga oshirilgan avariya holatlarini qisqa vaqtda bartaraf etish maqsadida shahar va tumanlar suv ta’minoti filiallarida 21 ta avariya-tiklash brigadasi tashkil etilib, 24/7 rejimida xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Aholining ichimlik suvi ta’minotini tubdan yaxshilash bo‘yicha 2024 yilda respublika va mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan jami loyiha qiymati 173,1 milliard so‘m mablag‘ doirasida jami uzunligi 147,2 kilometr ichimlik suvi va oqova suv tarmog‘i, 24 ta suv inshootida yangi qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Natijada 23 ta mahallada 7 ming 581 ming xonadonning ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi. E’tiborli tomoni, 10,2 ming nafar aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlandi.

2025 yilda Prezidentimizning 2024 yil 24 dekabrdagi “2025 – 2027 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq loyiha qiymati 39,5 milliard so‘m bo‘lgan 83,9 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i hamda 7 dona suv inshootini rekonstruksiya qilish hamda yangidan qurish belgilangan. Bugungi kunda 5 ta ob’ektda qurilish-montaj ishlari amalga oshirilmoqda, qolgan 5 ta ob’ektning loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, pudratchi korxonalarni aniqlash maqsadida tender savdolariga chiqarildi.

Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2019 yil 9 apreldagi “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “O‘zbekistonning g‘arbiy qismida ichimlik suvi ta’minoti tizimlarini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, “Osiyo taraqqiyot banki” ishtirokida qiymati 172,3 million dollar bo‘lgan loyihani 2021-2025 yillar mobaynida amalga oshirish belgilangan.

Bugungi kunda “Tuyamo‘yin” suv tozalash inshootining 2-ko‘tarib berish nasos stansiyasida “Obi hayot injiniring” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan qiymati 3,7 million dollarlik rekonstruksiya ishlari, “Beruniy tumani ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash” loyihasi doirasida “MESMER-ALKATAS” qo‘shma korxonasi tomonidan qiymati 24,92 million dollarlik ishlar bajarildi. “Nukus tumanining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash” loyihasi bo‘yicha “AEIB Azerbaijan RPA” qurilish korxonasi bilan 11,4 million dollarlik, “Mang‘it” suv tozalash inshootini qurish bo‘yicha “Obi hayot injiniring” hamda “Uy-joy qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyatlar bilan hamkorlikda qiymati 13 million dollarlik, “Qorao‘zak tumani ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash” loyihasi doirasida “AEIB Azerbaijan” qurilish korxonasi tomonidan qiymati 11,1 million dollarlik ishlar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek,  “Amudaryo tumanining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash” loyihasi bo‘yicha “Archico Engineering company” (Ozarbayjon) tomonidan qiymati 29,03 million dollarlik, “Mo‘ynoq tumanining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash” loyihasi doirasida “Archico  Engineering company” tomonidan qiymati 8,21 million dollarlik ishlar ham amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, “Qo‘ng‘irot tumani ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash” bo‘yicha tender savdolari yakunlanib, baholash ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, “Taxiatosh” suv tozalash inshootini rekonstruksiya qilish bo‘yicha qayta tender savdolariga ariza berish rejalashtirilgan. Loyiha natijasida hududlarda yashovchi 188,1 ming nafar aholi qo‘shimcha ichimlik suvi bilan ta’minlanishi, 155,8 ming nafar aholining suv ta’minoti yaxshilanishi kutilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 21 sentyabrdagi qaroriga muvofiq, “Jahon banki” ishtirokida loyiha qiymati 78 million dollar bo‘lgan “Nukus shahri, Taxiatosh va Xo‘jayli tumanlari markazida oqova suv tizimini rekonstruksiya qilish” loyihasi 2023-2027 yillarda amalga oshirilishi belgilangan. Bugungi kunda “Loyihalash va tender hujjatlarini ishlab chiqish” bo‘yicha Posch & Partners Consulting Engineers (Avstriya) kompaniyasi tomonidan loyiha ishlari olib borilmoqda.

Shahar va tumanlardagi umumta’lim maktablarining ichimlik suvi ta’minotini yanada yaxshilash maqsadida “Zamin” xalqaro jamoat fondi ishtirokida 100 ta umumta’lim maktabiga suv filtrlovchi uskuna o‘rnatish bo‘yicha grant olib kelish, suv bilan ta’minlanmagan 47 ta umumta’lim maktabiga uzunligi 4,5 kilometr ichimlik suvi tarmoqlarini tortish rejalashtirilgan. Tomorqaga energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish maqsadida “Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki” huzurida eskirgan nasos agregatlarini yangilash, elektr energiyasi chastotasini boshqaruvchi qurilmalarni o‘rnatish bo‘yicha qiymati 7,8 million dollarlik loyihaga grant olib kelish nazarda tutilmoqda.

Hozirda hududning chekka aholi punktlarida suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan qishloqlarni ichimlik suvi bilan ta’minlovchi jamiyat balansida jami 143 dona suvni chuchuklashtiruvchi qurilma mavjud. Ular faoliyatida inson omilini kamaytirish, hisob-kitobning aniqligini ta’minlash maqsadida kichik quvvatdagi suvni chuchuklashtiruvchi stansiyalarda avtomatlashtirilgan suv sotish tizimini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda sinov tariqasida avtomatik dasturni Amudaryo tumanida joylashgan qurilmalarga o‘rnatish ishlari davom etmoqda.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA