Xitoydagi iPhone ishlab chiqaruvchi kompaniya xodimlarni kamaytiryapti

Apple kompaniyasi Xitoydan tashqarida mahsulot ishlab chiqarishni kengaytirayotgani sababli Jenjou shahrida joylashgan iPhone ishlab chiqarish korxonasi, “Ayfon shahri” nomi bilan ham tanilgan “Foxconn” zavodi xodim yollashni kamaytirmoqda. Bu haqda “South China Morning Post” gazetasi yozgan.
Shahar chekkasida barpo etilgan “Yukang” klasteri mahalliy mehnat muhojirlari bilan gavjum edi. Majmua yonidagi ko‘chalar doim zavodga ishga yollovchi agentlar bilan to‘la bo‘lgan.
– 2010 yil tashkil etilgandan buyon zavod shahar tashqi savdosining 80 foizini ta’minlagan, – deb yozadi nashr mahalliy aeroport iqtisodiy hududi matbuot xabarnomasiga tayanib. – Endi esa “Apple” va “Foxconn” o‘z tashqi faoliyatini diversifikatsiya qilib, Hindiston, Vetnam hamda Janubiy va Janubi-sharqiy Osiyoning bir necha mamlakatida ishlab chiqarishni ko‘paytirishi ortidan super fabrika savdo ko‘lamini yo‘qotayotgandek.
Ta’kidlanishicha, qisman G‘arb bilan kuchayib borayotgan savdo ziddiyatiga bog‘liq ayni holat turli sohalarda faoliyat yuritayotgan transmilliy korporatsiyalarga ta’sir ko‘rsatmoqda.
Tayvanning “Foxconn Technology Group” kompaniyasi dunyodagi eng yirik elektron komponent yetkazib beruvchilardan biri hisoblanadi. Korxona mijozlari orasida texnologiya sohasidagi yetakchi brendlar bisyor. Xitoy markazidagi Xenan muzofotida joylashgan “Foxconn” texnologiya parki dunyodagi eng yirik “iPhone zavodidir.