Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov rahbarligidagi vazirlik delegatsiyasi “Oracle” korporatsiyasi rahbariyati ijrochi vitse-prezidenti Saymon De Monfor Uoker va katta vitse-prezident Cherian Vargeze bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda O‘zbekistondan turib “Oracle” kompaniyasining Markaziy Osiyo va MDHdagi faoliyatini kengaytirish istiqbollari, shuningdek, bulutli texnologiyalar sohasidagi hamkorlikning mumkin bo‘lgan yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston delegatsiyasi mamlakatning texnologiya korxonalari uchun asosiy afzalliklarini taqdim etdi. Bularga qulay ishbilarmonlik muhiti, IT sohasining davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi, rivojlangan raqamli infratuzilma va malakali kadrlarning katta zaxirasi kiradi.

O‘zbekistonda, ayniqsa, ma’lumotlar muhandisligi va bulutli texnologiyalar sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi. Bundan tashqari, IT-mutaxassislarning xorijiy tillarni yuqori darajada bilishi mamlakatning xalqaro kompaniyalar uchun jozibadorligi va raqobatbardoshligini yanada oshirmoqda.

“Oracle” vakillari O‘zbekistonda, ayniqsa, bulutli infratuzilma va ilovalar bilan bog‘liq sohalardagi bozor imkoniyatlarini o‘rganishga katta qiziqish bildirdi.

“Oracle” bilan potensial hamkorlik O‘zbekistonning yetakchi IT-hab sifatidagi mavqeyini yanada mustahkamlaydi va ilg‘or texnologiyalarning joriy etilishini rag‘batlantiradi. Zamonaviy yechimlarni qo‘llash raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, yuqori malakali ish o‘rinlarini yaratish va mamlakatning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.

N.Rahmonova, O‘zA