Bugun Germaniyada o‘tayotgan “Freestyle Chess Grand Slam-2025”ning hal qiluvchi bahslarida Sindorov 3-o‘rin, Abdusattorov 5-o‘rin uchun kurashadi.

Germaniyaning Vayssenxaus shahrida o‘tayotgan “Freestyle Chess Grand Slam-2025” turniri o‘zining eng yuqori nuqtasiga keldi.

Kecha yarim final va 5-8-o‘rinlar uchun o‘tkazilgan saralash musobaqalarining so‘nggi kunida kimlar aynan qaysi pog‘onalar uchun kurash olib borishi ma’lum bo‘ldi.

Bugun, 13 fevral kuni bo‘ladigan bahslarda hamyurtimiz Javohir Sindorov FIDE reytingining yetakchisi, sobiq jahon chempioni Magnus Karlsen bilan 3-o‘rin uchun kechadigan musobaqaning ilk turida ro‘baro‘ kelsa, Nodirbek Abdusattorov 5-o‘rin uchun amerikalik Xikaru Nakamura bilan dastlabki musobaqada dona suradi.

Kecha o‘tkazilgan yarim finalda Javohir Sindorov va dunyo reytingida ikkinchi o‘rinni egallab turgan amerikalik grossmeyster Fabiano Karuana bilan final yo‘llanmasi uchun kurash olib bordi. 8 soatga yaqin vaqt davomida ular 6 ta partiyada kuch sinashdi. So‘nggi o‘yinda Sindorovda g‘olib chiqish imkoni bor edi. Ammo yurish holatida qulay imkoniyatni o‘tkazib yubordi. Bunday vaziyatdan unumli foydalangan dunyo reytingida ikkinchi o‘rinni egallab turgan amerikalik Fabiano Karuana hal qiluvchi partiyada tajriba borasida hamyurtimizdan ustun keldi.

Aytish lozim, norvegiyalik shaxmat afsonasi Magnus Karlsen bilan Javohir Sindorov saralash bosqichida kuch sinashib, uni mag‘lub etgandi. Bu safar natijalar qay ko‘rinishda bo‘lishi esa Javohirning ruhiy muvozanati barqaror bo‘lishiga, qolaversa, omadga bog‘liq.

5-8-o‘rinlar uchun o‘tkazilgan bahslarda Nodirbek Abdusattorov pley-offning ikkinchi uchrashuvida fransiyalik Alireza Firuzjaga qarshi qora donalarda harakatlandi. Bahsni ishonchli boshlagan hamyurtimiz kuchli raqibini murakkab vaziyatda yengishga muvaffaq bo‘ldi.

Bugun Nodirbek Abdusattorov 5-o‘rin uchun o‘tadigan musobaqada chorak finalda Sindorovdan mag‘lub bo‘lgan Xikaru Nakamura bilan bellashadi.

Bugun shuningdek, xalqaro turnirning g‘olibligi uchun germaniyalik Vinsent Keymer Fabiano Karuana o‘rtasidagi dastlabki musobaqa bo‘lib o‘tsa, amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju va Alireza Firuzja 7-8-o‘rinlarning taqdirini hal etish uchun 1-tur o‘yinlarini o‘tkazadi.

Yetakchi shaxmatchilarimiz Nodirbek va Javohirning ushbu nufuzli musobaqada qatnashish yo‘lidagi murakkab saralash bahslarida g‘oliblikka erishib, asosiy sovrinlarga da’vogar 10 nafar eng kuchli shaxmatchilar qatoridan o‘rin egallagani tarixiy natija ekanligini e’tirof etmoq lozim. Bu, o‘zbek shaxmat maktabi, uning kuch-qudrati, salohiyati yildan yilga yuksalib borayotganining yorqin ifodasidir.

Eslatib o‘tamiz, “Freestyle Chess Grand Slam-2025” turnirida 1-o‘rinni egallagan shaxmatchi 200 ming, 2-o‘rin sohibi 140 ming, 3-o‘rin egasi 100 ming AQSH dollarini qo‘lga kiritadi. 4-o‘rin 60 ming, 5-o‘rin 50 ming, 6-o‘rin 40 ming, 7-o‘rin 30 ming, 8-o‘rin 20 ming, 9-o‘rin 12 ming 500, 10-o‘rin uchun esa 7 ming 500 AQSH dollari ajratilgan.

T.Ro‘ziyev, O‘zA