Futbol bo‘yicha Yevropa chempionlar ligasining 1/8 final bosqichiga o‘tish uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.

Ushbu bosqichning ikkinchi kunida “Bavariya” klubi “Seltik” jamoasi ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Mazkur o‘yinning 45-daqiqasida Olise hisobni ochgan bo‘lsa, Keyn 49-daqiqada “Bavariya”ning ikkinchi goliga mualliflik qildi. Mezbonlar vakili Maeda 79-daqiqada oradagi farqni qisqartirdi.

“Feyenoord” va “Milan” uchrashuvida mezbonlar vakili Payshao tomonidan kiritilgan yagona gol o‘yin taqdirini hal etgan bo‘lsa, “Monako” kutilmaganda o‘z maydonida “Benfika” jamoasiga 0:1 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Uchrashuvdagi yagona golga Pavlidis mualliflik qildi.

“Bryugge” – “Atalanta” bahsi 2:1 hisobida yakunlandi. Uchrashuvning 11-daqiqasida Yutgla “Bryugge”ni oldinga olib chiqqan bo‘lsa, Pashalich 41-daqiqada to‘pni mezbonlar darvozasiga joylab qo‘ydi. So‘nggi daqiqalarda (90+4) mehmonlar darvozasi tomon penalti belgilandi va undan Nilsson unumli foydalandi. Shu tariqa, “Bryugge“ javob o‘yini oldidan kichik ustunlikka ega bo‘lib olmoqda.

Eslatib o‘tamiz, mazkur uchrashuvlarning javob o‘yinlari 19-20 fevral kunlari bo‘lib o‘tadi.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA