
AQSH Prezidenti Donald Tramp saylangandan buyon birinchi marta rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin bilan Saudiya Arabistonida uchrashib, Ukraina masalasini muhokama qiladi, deb yozdi “Politico” nashri.
Bu haqda ikki yetakchining telefon orqali qariyb 90 daqiqa cho‘zilgan suhbatidan so‘ng ma’lum qilindi.
– Oxir-oqibat uchrashamiz, – dedi Amerika rahbari. – Muloqot sanasi belgilanmadi, faqat tez orada bo‘lib o‘tishi aniq.
Juda muhim ushbu muzokarada Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon ham ishtirok etishi kutilyapti.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ayni mavzuda shunday degan:
– Rahbarimiz AQSH Prezidentini Moskvaga taklif etdi. Rossiya amerikalik amaldorlarni tomonlar uchun ahamiyatli masalalar, jumladan Ukraina bilan kelishuv mavzusi bo‘yicha qabul qilishga tayyorligini bildirdi.