2024 YR4 asteroidi 2024 yil 27 dekabrda Chilidagi “ATLAS” kuzatuv loyihasi tomonidan kashf etilgan. Uning diametri taxminan 40 metrdan 90 metrgacha baholangan bo‘lib, toshli asteroid hisoblanadi.

Fanlar akademiyasi astronomiya instituti xabar berishicha, hozirgi hisob-kitoblarga ko‘ra, 2024 YR4 asteroidi 2032 yil 22 dekabrda Yer bilan to‘qnashish ehtimoli 2,4 foiz deb baholanmoqda.

O‘sha vaqtda asteroid Yerdan o‘rtacha 156 ming kilometr masofadan o‘tishi mumkin. Bu ehtimollik unga xavflilikning Turin shkalasida 3-darajani beradi, ya’ni kam xavfli ammo muntazam monitoring qilib, kuzatib borishni taqozo etadi.

Uning orbitasi va xavflilik darajasi hali yuqori aniqlikda emas. Yetarli aniqlikka erishish uchun uzoq vaqt kuzatuvlar talab etiladi.

NASA va Yevropa kosmik agentligi kabi tashkilotlar asteroidning trayektoriyasini diqqat bilan kuzatib, uning xususiyatlarini  o‘rganmoqda.

Yevropa kosmik agentligi yaqin kelajakda kuchliroq teleskoplar yordamida kuzatish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.

O‘zbekistonda Maydanak observatoriyasida ham ushbu asteroidning kuzatuvlari olib borilishi va orbitasi monitoring qilinishi rejalashtirilmoqda.

Nigora Rahmonova,

O‘zA