Qayta tiklanuvchi energiya manbalari aholi farovonligiga xizmat qilmoqda

114

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan ob’ektlarda quyosh panellarining o‘rnatilishi va Bojxona qo‘mitasining “Yashil energiya” axborot tizimiga ma’lumotlarning to‘g‘ri kiritilishi hamda tasdiqlangan ob’ektlarda elektr energiya samaradorligi bo‘yicha joylarga chiqqan holda o‘rganish ishlari amalga oshirilmoqda.

Bugun mamlakatimizda “Yashil energiyadan” foydalanish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zamonaviy muqobil energiya manbalarini amaliyotga  keng joriy etish orqali energiya taqchilligining oldini olish mumkinligi o‘z isbotini topmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yilda qabul qilingan “Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan ob’ektlarga quyosh panellarining o‘rnatish ishlarini muvofiqlashtirish bojxona organlariga biriktirildi.

Nukus shahridagi konditer mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan mas’uliyati cheklangan jamiyat 104 kVt quvvatdagi quyosh panellarini o‘rnatib, elektr energiyasiga bo‘lgan talabining ko‘p qismini aynan muqobil energiya manbalari orqali qanoatlantirmoqda. Quyosh panellari o‘rnatilganidan keyin korxonaning har oyda elektr energiya sarfi uchun 10 million so‘m miqdoridagi xarajati tejalmoqda. Tarmoqqa yo‘naltirilgan elektr energiyasi bo‘yicha esa qo‘shimcha daromadga ham ega bo‘lmoqda. Avtotransport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi navbatdagi tadbirkorlik sub’ekti esa 53 kVt quvvatli quyosh panellarini o‘rnatib, ular orqali elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qoplamoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasida muqobil energiya manbalari o‘rnatilishini monitoring qilish bo‘yicha tuzilgan ishchi guruh aholi xonadoniga o‘rnatilgan quyosh panellari monitoringini amalga oshirdi. “Yosh avlod” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan mazkur xonadon 5 kVt quvvatdagi quyosh panellarini o‘rnatib, nafaqat ichki ehtiyojini qoplamoqda, balki iste’moldan ortib qolgan elektr energiyani tarmoqqa sotish orqali, qo‘shimcha daromad ham qilmoqda.

Ta’kidlash joiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasida shu kunga qadar 4 ming 574 ta xonadonga 16,23 mVt quyosh panellari o‘rnatilgan bo‘lib, shundan o‘z iste’molidan ortgan 5 ming 754 MVt elektr energiyasi Hududiy elektr tarmoqlariga uzatilishi natijasida 3 ming 876 xonadon  2,2 milliard so‘m miqdorida qo‘shimcha daromadga ham ega bo‘ldi.

Shuningdek, davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan, qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatgan va ulardan foydalanuvchi shaxslar, ular foydalanishga topshirilgan kundan e’tiboran uch yil muddatga mol-mulk yoki yer solig‘i, shuningdek, ortib qolgan energiyani davlatga sotishdan olingan daromad foyda solig‘idan ozod etilishi belgilangan. Bugungi kunga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘ylab jami 7 ming 665 ta ob’ektda quvvati 44 ming 126 kvt/s ga teng bo‘lgan quyosh paneli o‘rnatilishi ta’minlangan. Shundan 1 ming 118 ta ijtimoiy soha va davlat ob’ekti, 1 ming 864 ta tadbirkorlik sub’ekti binolariga hamda 4 ming 652 nafar aholi xonadoniga, 31ta ko‘p qavatli uyga o‘rnatilgan.

Muqobil energiya manbalarini joriy etish bo‘yicha xorij tajribalari asosida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar elektr energiyasiga nisbatan tobora ortib borayotgan ehtiyojning qanoatlantirilib, energiya taqchilligining oldini olishga xizmat qiladi.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri