Nukusda “Ogoh bo‘ling – is gazi” aksiyasi davom etmoqda

195

FOTOREPORTAJ

Bugungi kunda hududlardagi ko‘p qavatli uylar xonadonlari, yakka tartibdagi uy-joylarni isitishda tabiiy va suyultirilgan gaz, qattiq yoqilg‘i mahsulotlaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya etmaslik holatlari ko‘p uchramoqda. Oqibatda aholi xonadonlarida yong‘in kelib chiqishi yoki is gazidan zaharlanish holatlari ro‘y berib, insonlarning hayoti va salomatligiga jiddiy zarar yetkazilmoqda.

Is gazidan zaharlanishning oldini olish va isitish tizimlarining sozligini muntazam tekshirib, ta’mirlab borish hamda muqobil yechimlardan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha aholi o‘rtasida tegishli idora va tashkilotlar tomonidan targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilayotir.

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan ham ana shunday tadbir – “Ogoh bo‘ling – is gazi” aksiyasi o‘tkazilmoqda.

Aksiya doirasida O‘zLiDeP partiyasining mutasaddi vakillari, faollari, mahalliy Kengash deputatlari va homiylar hamkorligida tuzilgan ishchi guruh Nukus shahridagi bir qator mahalla fuqarolar yig‘inlarida bo‘lib, aholi bilan yaqindan muloqot qildi.

Tadbirda aholi xonadonlarida isitish tizimlarini muntazam tekshirish va ta’mirlab borish, xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilish, is gazining xavfliligi va undan saqlanish bo‘yicha mutaxassislar tomonidan atroflicha ma’lumot va tushunchalar berildi.

Shuningdek, aksiya doirasida partiya tashabbusi va beg‘araz ko‘magida mahalladagi kam ta’minlangan va ko‘makka muhtoj bir qancha xonadon hamda ijtimoiy tashkilot ob’ektlariga is gazini aniqlaydigan uskunalar o‘rnatib berildi.

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA