Investitsiya dasturi Bosh prokuratura nazoratida

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari B.Valiyev rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida Vazirlar Mahkamasining joriy yil 31 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining 2025 yilga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi bo‘yicha xorijiy investitsiyalar hamda xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan o‘zlashtirilishi belgilangan loyihalar o‘rganilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida qiymati 2 milliard 995,8 million dollarlik jami 83 ta loyiha amalga oshirilishi belgilangan bo‘lib, shundan 52 tasi hududiy dastur, 23 tasi tarmoq hamda 8 tasi xalqaro moliya institutlari doirasidagi loyihani tashkil etadi.
Ishchi guruh tomonidan Kegeyli tumanidagi “Kegeyli baraka naslli parranda” xususiy korxonasining parrandachilikni tashkil etish loyihasi joyiga chiqqan holda o‘rganildi. Ushbu loyihaning umumiy qiymati 6,3 million dollar bo‘lib, ishlab chiqarish hajmi 50 milliard so‘mni tashkil etadi.

Ishchi guruh tomonidan o‘rganish davomida loyihani amalga oshirish uchun 6 kilometr uzunlikda elektr va 2,5 kilometr uzunlikda gaz tarmog‘i tortishda muammo mavjudligi aniqlandi. Ushbu muammoni tez fursatda qonuniy hal etilishi yuzasidan mutasaddi idoralar mas’ullariga topshiriq berilib, ijrosi nazoratga olindi.
Shuningdek, investitsiya loyihalarini o‘rganishni to‘liq qamrab olish maqsadida kichik ishchi guruhlar ham tashkil etilib, barcha tumanlarda loyiha tashabbuskorlari hamda mas’ullar ishtirokida loyihalarning joriy holatini o‘rganish ishlari davom etmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri