Nukusda “Mehnat va samara” I Xotin-qizlar forumi o‘tkazildi

178

“Biznesni rivojlantirish banki” ATB tashabbusi bilan o‘tkazilgan forumda Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlik rivojiga mas’ul tuzilmalar rahbarlari, “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturi doirasida biznes loyihalari moliyalashtirilgan ayol tadbirkorlar, o‘z biznesini tashkil etish istagida bo‘lgan xotin-qizlar, Kichik biznesga ko‘maklashish hududiy markazi vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi o‘rinbosari Rustam Saparbayev, “Biznesni rivojlantirish banki” ATB  mas’ul xodimi Dilshod Umarov va boshqalar so‘zga chiqib, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, Qoraqalpog‘istonda bu yo‘nalishda yaratilgan imkoniyatlar haqida to‘xtaldi.

Ilk bor o‘tkazilgan forum qoraqalpog‘istonlik ayol tadbirkorlar uchun o‘ziga xos muloqot maydoniga aylandi. Tadbirda ular tomonidan biznesni rivojlantirishga doir yangi takliflar va yangi biznes g‘oyalar o‘rtaga tashlandi.

Ishtirokchilarga “Biznesni rivojlantirish banki” tomonidan biznes uchun taklif etilayotgan yangi mahsulotlar va xizmatlar, “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturi doirasida joriy etilgan moliyaviy instrumentlar haqida axborot berildi.

Tadbirda ishtirok etgan Yamagata universiteti professorlari Shinji Omata va Xiroyuki Tanabe Yaponiyaning kichik biznesni rivojlantirish tajribalari hamda KAIZEN va LEAN uslublaridan foydalanib biznes yuritish borasidagi tajribalari bilan bo‘lishdi.

Forum doirasida bank moliyaviy ko‘magida o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan xotin-qizlarning ishlab chiqarish va hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Unda 30 nafarga yaqin hunarmand va tadbirkor ayollarning mahsulotlari namoyish etildi.

Tadbir yakunida “Biznesni rivojlantirish banki” ATB va Yamagata universiteti hamkorligida tashkil etilgan U-HOPE o‘qitish dasturini muvaffaqiyatli tamomlagan 2-avlod trenerlari sertifikatlar bilan taqdirlandi.

Ma’lumot uchun, “Biznesni rivojlantirish banki” 2024 yilda ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 18 ming 866 nafar xotin-qizga 919 milliard 800 million so‘m kredit ajratgan. Bankka biriktirilgan mahallalarda 1 ming 868 nafar ayol tadbirkorga 122 milliard 900 million so‘m miqdorida kredit mablag‘i  yo‘naltirildi. Natijada 3 ming 862 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Bank axborot xizmati