O‘zbekistonlik sportchilar Jambulda muvaffaqiyat qozonishdi

213

Qozog‘istonning Jambul viloyati Korday tumanida tashkil etilgan shinkiokushinkay karate bo‘yicha an’anaviy “Jas Batir” xalqaro turnirida mezbonlar va qo‘shni davlatlardan jami 300 nafarga yaqin atlet bir necha yosh hamda vazn toifasida medallar uchun bahs olib bordi.

Musobaqada Toshkent shahri jamoasi ham muvaffaqiyatli qatnashib, 3 ta medal bilan yurtimizga qaytishdi: Temur Erkinov oltin, Oleg Magdyug kumush, Shohsanam Muhammadiyeva bronza. Hamyurtimiz – NUR-HAS markazi murabbiyi, V Dan qora belbog‘ sohibi Mutal Nazarov turnir hakamlari safida janglarni boshqarib bordi.

Ushbu musobaqadan so‘ng delegatsiyamiz rahbari, Jahon karate tashkiloti tomonidan tayinlangan vakil Bran-chif Mutal Nazarov ikki kun davomida Qirg‘iz Respublikasi poytaxti Bishkek shahrida Shinkiokushinkay karate bo‘yicha xalqaro seminar o‘tkazdi. Tadbir doirasida qo‘shni davlat yosh sportchilari uchun mahorat darslari uyushtirildi. O‘zbekistonlik mutaxassisga mezbon murabbiy, I Dan qora belbog‘ sohibi Sergey Shevchenko yordam berdi.

Ushbu xalqaro seminar Markaziy Osiyoda Shinkiokushinkay karateni yanada rivojlantirish maqsadida tashkil qilindi. To‘rt nafar murabbiy-yo‘riqchi ellikdan ziyod yoshlarga kixon, ido, kata va kumite yo‘nalishlari bo‘yicha saboq berdi.

Kelasi oy seminar ishtirokchilari navbatdagi mahorat darajasi uchun imtihon topshiradi.

Anjuman yakunida ikki davlat sport jamoalari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Qirg‘izistonlik murabbiylar bilan birgalikda “Chempionlar musobaqasi”ni o‘tkazishga kelishib olindi.

Yana bir ma’lumot: Mutal Nazarov joriy yil 30 may-6 iyun kunlari Yaponiya poytaxti Tokio shahrida o‘tkaziladigan full-kontakt karate bo‘yicha jahon chempionatida yurtimiz nomidan yagona vakil sifatida ishtirok etadi. Ushbu musobaqada dunyoning 106 davlati vakillari g‘oliblik uchun da’vogarlik qilishadi.

G‘.Xonnazarov, O‘zA