KXDR Trampning taklifiga qarshi chiqdi

179

Shimoliy Koreya davlat matbuoti AQSH Prezidenti Donald Trampning falastinliklarni ko‘chirish taklifini qoralab, Vashingtonni talonchilikda aybladi, deb yozdi “Reuters”.

– Falastinliklarning xavfsizlik va tinchlikka bo‘lgan umidi bu taklif bilan puchga chiqmoqda, – deya ta’kidlagan manba. – Dunyo hozir AQSHning bombali deklaratsiyasi tufayli bo‘tqa pishirilayotgan qozondek qaynayapti.

Sharh Trampning G‘azo aholisini ko‘chirish va urushdan vayron bo‘lgan hududni “Yaqin Sharq Riverasi”ga aylantirishni reja qilayotgani haqidagi kutilmagan bayonotiga qarshi qaratilgan.

KXDR Amerika ma’muriyatini Panama kanali va Grenlandiyani sotib olish chaqirig‘i va Meksika ko‘rfazi nomini “Amerika ko‘rfazi”ga o‘zgartirish qarori uchun ham tanqid qilgan.

– AQSH xom xayolidan chekinishi, boshqa mamlakat va xalqlar qadr-qimmati hamda suverenitetiga nisbatan tajovuzkor harakatini darhol to‘xtatishi kerak, deyilgan KXDR hisobotida.

Tramp o‘zining birinchi muddatida Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In bilan tarixiy sammitlar o‘tkazib, hatto o‘zaro shaxsiy munosabat ham o‘rnatgan edi.

Xalqaro masalalarda asosan G‘arb qarashlariga zid fikr yuritadigan KXDR rahbari G‘azodagi vaziyat haqida ham ochiq gapirib, qon to‘kilishida “Isroilni javobgar, AQSHni esa “sherik” deb atadi.

Musulmon Ziyo, O‘zA