Muzaffar para velosportchilarimiz tantanali kutib olindi

201

Joriy yilning 7-9 fevral kunlari Tailandda para velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi 12 ta oltin, 9 ta kumush va 5 ta bronza jami 26 ta medalga sazovor bo‘lib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rindan joy olgan edi.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida ana shunday tarixiy natija qayd etgan muzaffar para velosportchilarimizni tantanali kutib olish marosimi o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi hamda O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi rahbariyati, ommaviy axborot vositalari xodimlari, sportchilarning oila a’zolari ishtirok etdi. Tadbirda ishtirok etgan mutasaddilar para sportchilarimizni nufuzli musobaqadagi muvaffaqiyatli ishtiroki bilan tabriklab, kelgusi faoliyatlariga omad tiladilar.

Osiyo chempionatida Aziz Otaxo‘jayev, Marjona Pardaboyeva, Odina Hamdamova, Ruxshona Yoqubova, Aziza Qosimova, Bunyod Hayitmuhammedov, Og‘abek Xudoyberganov va Fotima Soipova o‘z yo‘nalishlarida oltin medalga ega chiqdi.

Turli yo‘nalishlarda bahslarga kirishgan Zarifa Mo‘minova, Fotima Haydarova, Bahodir Odinayev, Shahnoza Hakimova, Jasur Ilhomov, Marjona Pardaboyeva, Fotima Haydarova kumush medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Saidjabbor Dadaxonov, Jasur Ilhomov, Bunyod Hayitmuhammedov va To‘lqin Ravshanov kabi para velosportchilarimiz bronza medali bilan taqdirlandi.

– Bu galgi Osiyo chempionati delegatsiyamiz uchun muvaffaqiyatli o‘tdi. Ayniqsa, men uchun. Musobaqaning T1 tasnifida turli masofalarda o‘tkazilgan bahslarda ikkita oltin medalni qo‘lga kiritdim, – deydi Aziz Otaxo‘jayev. – Mazkur muvaffaqiyatlar zamirida biz para sportchilarga davlatimiz tomonidan qaratilayotgan ulkan e’tibor yotibdi. Har bir musobaqa oldidan puxta tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz, shuningdek, ushbu tayyorgarlik jarayonlarida bizga barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda. Ushbu e’tibor va sharoitlar uchun o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz va kelgusida bundanda ulkan zafarlarga erishish uchun bor kuch-g‘ayratimizni ishga solamiz.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA