Prezidentimizning “Maktabgacha ta’lim sifati va samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” farmoniga asosan, 2025 yilda tajriba-sinov tariqasida har bir tuman(shahar)dagi bittadan umumiy turdagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida inklyuziv ta’lim guruhlarini ochish belgilangan.

Inklyuziv ta’limning asosiy maqsadi – har bir bola o‘z xususiyatiga qaramasdan, barcha imkoniyatlarga ega bo‘lib, birdek o‘rganishi, ijtimoiylashishi va jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashishdir.

Shunga muvofiq ayni paytda Buxoro viloyati hududlaridagi jami 13 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida inklyuziv ta’lim guruhlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish ishlari olib borilmoqda.

Mazkur MTTlarda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun xos shart-sharoitlar yaratilgan bo‘lib, individual tarbiya usullari, qolaversa, psixolog va defektolog kabi mutaxassislar bilan ishlash imkoniyatlari mavjud.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri