Bugun tunda futbol bo‘yicha Yevropa chempionlar ligasining nimchorak finaliga o‘tish o‘yinlari boshlanadi.

Ushbu pley-off bahslarida bugun “Brest” — “PSJ”, “Sporting” — “Borussiya D”, “Manchester Siti” — “Real Madrid”, “Yuventus — PSV” klublari o‘zaro raqobatlashsa, 12 fevral kuni tunda “Bryugge” — “Atalanta”, “Monako — “Benfika”, “Seltik” — “Bavariya”, “Feyenoord” — “Milan” jamoalari o‘rtasidagi ilk uchrashuvlar o‘tkaziladi.

Yevropa chempionlar ligasi futbol ixlosmandlarining sevimli musobaqalaridan biri hisoblanadi. Hamyurtlarimiz orasida Yevropa davlatlari klublariga fanatlik qiladiganlar soni ham ancha ko‘p. Ayniqsa, o‘zbek o‘g‘loni Abduqodir Husanov “Manchester Siti” jamoasiga o‘tganidan so‘ng mamlakatimiz futbol muxlislari ushbu klub ishtirokidagi uchrashuvlarni katta hayajon va qiziqish bilan kuzatishmoqda.

Shu sababdan ham aynan bugun tunda o‘tkaziladigan “Manchester Siti” va “Real” bahsiga oid ayrim faktlarni e’tiboringizga havola etishni lozim topdik.

 

Avvalo bu jamoalarning o‘zaro o‘yinlari statistikasiga nazar tashlasak. “Manchester Siti” va “Real” shu kunga qadar jami 14 ta o‘yin o‘tkazgan bo‘lib, ularning 5 tasida “MS” g‘alaba qozongan bo‘lsa, “Real” 4 ta uchrashuvda zafar quchgan. Qolgan 5 ta o‘yin durang bilan yakunlangan.

Ushbu ikki klub so‘nggi bor o‘tgan yilning aprel oyida Chempionlar ligasining 1/4 final bosqichida o‘zaro to‘qnash kelgan. Mazkur bahsning dastlabkisi 3:3, ikkinchisi esa 1:1 hisobida yakunlangan. Ilk bor jamoalar 2012 yilda bir-birlariga qarshi maydonga tushgan. O‘shanda “Real” o‘z maydonida 3:2 hisobida g‘alaba qozongan.

Xosep Gvardiola boshchiligidagi “MS” so‘nggi oylarda muvaffaqiyatsizliklar doirasidan chiqib ketishga qiynalmoqda. Karlo Anchelotti shogirdlari La Ligada peshqadam bo‘lib turgan bo‘lsa-da, oxirgi ikki turda ochko yo‘qotdi.

Shuni ta’kidlash kerakki, ushbu bellashuvga qadar “shaharliklar” safidagi bir qator futbolchilar o‘z sport formasini tiklab oldi. Jumladan, Jon Stounz va Ruben Diash jarohatidan to‘liq forig‘ bo‘ldi.

Quvonarlisi, Abduqodir Husanov “Leyton” bilan uchrashuvda zaxiradan maydonga tushib, o‘zini ko‘rsatdi. Hatto, bitta golga mualliflik qildi ham. Shuningdek, 20 yoshli futbolchimiz o‘yin davomida 2 bora to‘pni olib qo‘ygan bo‘lsa, 1 marta zarbaga blok qo‘ydi. O‘yin davomida 57 bora to‘pga teginib, 48 ta pas berishga muvaffaq bo‘ldi. Ularning 45 tasi jamoadoshlariga aniq yetib bordi. Uzoq masofaga esa bir marta to‘pni uzatdi, u ham bo‘lsa sherigiga aniq bordi.

Bu natijalar orqali shuni bilish mumkinki, Abduqodir yangi jamoada o‘z o‘yinini topib olmoqda va u “Real” jamoasiga qarshi o‘yinga tushishga ham tayyor. “Manchester Siti”ning Natan Ake, Rodri, Jeremi Doku, Niko Gonsales (so‘roq ostida) kabi futbolchilarida turli darajadagi jarohatlar borligi hamyurtimizning maydonga tushishiga umid bag‘ishlamoqda.

“Real”da esa yo‘qotishlar ko‘lami tobora kengayib ketdi va Lukas Vaskesning ham mazkur bellashuvda ishtirok eta olmasligi ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, “qirollik klubi”da David Alaba, Eder Militao, Antonio Ryudiger, Dani Karvaxal kabi himoyachilar jarohat sabab maydonga tusha olmaydi.

Albatta, katta umidlar bilan shuni ta’kidlaymizki, Toshkent vaqti bilan 12 fevral soat 01:00da “Etihad” stadionida o‘tadigan “Manchester Siti” va “Real” jamoalari o‘yinida Abduqodir Husanov maydonga tushadi hamda o‘zbek o‘g‘loni nimaga qordir ekanini dunyoga yana bir-bor isbotlaydi.

Ma’lumot o‘rnida: Yevropa chempionlar ligasida “Liverpul”, “Barselona”, “Arsenal”, “Inter”, “Atletiko”, “Bayer”, “Lill” va “Aston Villa” klublari 1/8 final bosqichiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l olgan.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA