
Prezident Vladimir Zelenskiy Ukrainaga AQSH va YeI tomonidan xavfsizlik kafolati berilishi sharti evaziga rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin bilan muzokara o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.
– Agar AQSH va Yevropa bizni tashlab ketmasligi, mamlakatimizni qo‘llab-quvvatlab, xavfsizlikka kafolat berishiga ishonganimizda edi, men muzokaraning har qanday formatiga tayyor bo‘lardim, – dedi Zelenskiy Britaniyaning “ITV News” telekanaliga bergan intervyusida shu haqdagi savolga javoban.
Suhbat chog‘ida Ukraina yetakchisi 2025 yil ushbu ziddiyatga barham berish uchun barcha imkoniyat mavjudligini ta’kidlagan. U AQSH Prezidenti ham mojaro tezroq to‘xtashini istaydi, deya ishontirib, Donald Trampni YeI bilan birga Rossiyaga bosim o‘tkazish, birinchi navbatda sanksiyani kuchaytirishga chaqirgan.
Darhaqiqat, Tramp Rossiya – Ukraina urushiga barham berish shartligini doim takrorlab keladi. Shu bilan birga u ziddiyat bartaraf etilgach, Ukraina uchun xavfsizlik kafolatini Yevropa zimmasiga yuklash niyatini ham yashirmayapti. Bu ma’lumotni AQSH milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uolts NBC telekanalidagi chiqishida keltirdi.
– Tramp bu mojaroga barham berish niyatida, shundan keyin xavfsizlik kafolati masalasi to‘liq yevropaliklarga ishonib topshiriladi, – degan u. Maslahatchi qo‘shimcha qilishicha, shu hafta davlat kotibi, mudofaa vaziri, vitse-prezident va maxsus vakil Yevropada muzokara o‘tkazadi. Yig‘ilishda kelishuv tafsiloti muhokama qilinadi. Bundan tashqari, Vashington va Kiyev tabiiy resurslar, jumladan noyob qazilmalar, metallar, neft va gaz bilan bog‘liq masalalarni ham muhokama qilishi rejalashtirilgan
S.Rahimov, O‘zA