Qarzlar undirib berildi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumanlararo iqtisodiy sudining qarorlariga asosan qarzdor “Kausar tegirmon” mas’uliyati cheklangan jamiyatdan undiruvchi “No’kis best-seeds” hamda “To`rtko`l don maxsuloti” mas’uliyati cheklangan jamiyatlar foydasiga jami 1,2 milliard so‘m qarz undirish belgilangan.
Undiruvchilar ushbu qarorlarga asosan Majburiy ijro byurosi Taxtako‘pir tuman bo‘limiga murojaat qildi va bo‘lim xodimlari tomonidan ijro harakatlariga kirishildi. Jumladan, sud qarori ijrosini ta’minlash maqsadida bo‘lim davlat xodimlari tomonidan qarzdor “Kausar tegirmon” mas’uliyati cheklangan jamiyatning asosiy bank hisob raqamiga elektron inkasso qo‘yildi. Qarzdorga tegishli 3 ta ko‘chmas mulk va 3 ta agrotexnikaga nisbatan taqiq o‘rnatildi.
Majburiy ijro byurosi Taxtako‘pir tuman bo‘limi boshlig‘i Jetkerbay Jumaniyazovning ta’kidlashicha, ushbu sa’y-harakatlar natijasida 1,2 milliard so‘mdan ortiq qarzdorlik to‘lig‘i bilan undirilib, ushbu pul mablag‘i undiruvchilarning hisob raqamiga o‘tkazib berildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri