Yoshlarga o‘rnak bo‘ladigan tadbir

223

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumanidagi 63-sonli umumta’lim maktabida Turkiston jadidlik harakati asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 27 dekabrdagi “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan yurtimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani haqida so‘z bordi.

Mamlakatimiz tarixida g‘oyat murakkab va sinovli davr bo‘lgan XX asr boshida maydonga chiqqan Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkiston jadidlik harakatining asoschisi hisoblanadi. U milliy ozodlik harakatining buyuk namoyandasi sifatida ilm-fan, ta’lim va tarbiya, adabiyot va san’at, matbuot sohalarini rivojlantirish, jahondagi ilg‘or taraqqiyot yutuqlarini o‘zlashtirish orqali xalqimizning ongu tafakkurini yuksaltirish hamda hurriyatga erishish yo‘lida o‘z hayotini baxsh etgan fidoyi zotdir.

Tadbirda, atoqli adib va jamoat arbobi Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti hamda ijodiga bag‘ishlangan she’rlar, sahna ko‘rinishlar namoyish qilindi. Sahnadagi ijodiy ko‘rgazmalar davomida yoshlar Behbudiy hayotining turli jabhalarini uning adabiy merosi, ijtimoiy faoliyati va mustaqil fikrlashga chaqiradigan g‘oyalarini aks ettirishdi. Noshir va pedagogning ijodi milliy qadriyatlarimizga bo‘lgan hurmati, uning hayoti va faoliyati yoshlar ongida jadid bobolarimizga bo‘lgan ehtiromning yorqin namunasidir. Shuningdek, ilm ma’rifatni targ‘ib qilgan Mahmudxo‘ja Behbudiy ma’naviy merosi kelajakda yoshlarga o‘rnak bo‘lib, ularni ilmli, ma’rifatli qilib tarbiyalashda kata ahamiyatga ega ekanligi alohida qayd etildi.

Tadbir yakunida faol ishtirok etgan o‘qituvchi va o‘quvchi yoshlarga respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Ellikqal’a tuman bo‘linmasi tomonidan tashakkurnoma topshirildi.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri