Mukofot puli undirib berildi

266

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligida ishlovchi fuqaro S.Sabirbayev va 13 nafar xodimga “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanilganligi munosabati bilan mukofot puli to‘lanmaganidan norozi bo‘lib yo‘llagan murojaati kelib tushdi.

– Murojaat tegishli tartibda o‘rganib, 14 nafar xodimga 2024 yilning uchinchi choragi bilan mukofot puli to‘lanmaganligi aniqlandi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi inson huquqlarini himoya qilish sho‘’basi boshlig‘i Asilbek Moldahmetov. – O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 299-moddasida “Ish haqi, mukofotlar, qo‘shimcha to‘lovlar, ustamalar va mehnatga haq to‘lash tizimida nazarda tutilgan boshqa to‘lovlar rag‘batlantirish turlari jumlasiga kirmaydi,” deb belgilangan. Shuningdek, ushbu moddaga ko‘ra Intizomiy jazoning amal qilish muddati ichida xodimga nisbatan rag‘batlantirish choralari, shu jumladan, mehnatga haq to‘lash tizimiga kirmaydigan va mehnat natijalariga asoslanmagan mukofotlar ham (bayramlar, kasb bayramlari, yubileylar munosabati bilan va hokazolar) qo‘llanilmaydi.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 12 apreldagi “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, sud organlari va notarial idoralar xodimlari mehnatiga haq to‘lashning tarif setkasini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori 4-bandida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, sud organlari va notarial idoralar rahbarlarida belgilangan mehnat haqi fondi doirasida o‘z vazifalarini vijdonan, shuningdek, alohida muhim va mas’uliyatli ishlarni bajarayotgan xodimlarni, shu maqsadlarga ikki oylik mehnat haqi fondi miqdoridagi mablag‘larni yo‘naltirgan holda mukofotlash. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, sud organlari va notarial idoralar xodimlarini mukofotlashning miqdorlari ishning umumiy natijalariga ularning shaxsiy ulushiga qarab belgilanadi, bunga bir oylik ish haqi fondini yo‘naltirgan holda, xodimlarga moddiy yordam ko‘rsatish huquqi saqlab qolinadi.

Shu munosabat bilan mazkur murojaat vazirlik tomonidan qanoatlantirilib, 14 nafar fuqaroga jami 50 million so‘mdan ziyod choraklik mukofot puli undirib berildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri