Yoshlar institut faoliyati bilan tanishdi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi xodimlari, bojxona instituti kursantlari bilan birgalikda Nukus shahridagi “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseyida bo‘lib, muassasa o‘quvchilariga o‘quv yurti faoliyati haqida batafsil ma’lumot berdi.
Ayni kunlarda mazkur institutga o‘qishga kirish istagida bo‘lgan nomzodlar uchun qabul jarayonlari davom etmoqda. Har yili 1 yanvar sanasidan 1 aprelga qadar davom etadigan qabul jarayonlariga kelgusida o‘zini bojxonachi timsolida ko‘ra oladigan yoshlarning hujjat topshirib ulgurishlari uchun targ‘ibot ishlari amalga oshirilmoqda.

Ta’kidlash joizki, bojxona institutida o‘qish muddati 4 yildan iborat bo‘lib, bojxona ishi va bojxona ishini huquqiy yuritish ta’lim yo‘nalishlarida o‘qishga kirish istagida bo‘lgan nomzodlar o‘z hujjatlarini topshirishi mumkin. Psixologik test, jismoniy tayyorgarlik va og‘zaki suhbat shartlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar test mashg‘ulotlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi va uning natijalari bo‘yicha yuqori ball olganlar o‘qishga qabul qilinadi.
Uchrashuvda bojxona tizimiga malakali va bilimli kadrlarni yetkazib beruvchi institutga qabul jarayonlari, tanlov shartlari, nomzodning javob berishi shart bo‘lgan jismoniy parametrlari haqida o‘quvchilarga batafsil ma’lumotlar berilib, qabuldan keyingi o‘qish davri va bojxona institutida yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishtirildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri