Madaniy merosimiz targ‘iboti

Qoraqalpog‘iston Respublikasi delegatsiyasi a’zolari ishtirokida Kambodja poytaxti Pnompen shahridagi Paragon xalqaro universitetida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasiga tayyorgarlik jarayonlari doirasida “O‘zbekistonning madaniy merosi va islohotlari” mavzusida targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari B.O‘temuratov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vaziri B.Temirbayev, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti rektori, akademik A.Reymov ishtirok etdi.
Ayni kunlarda davlatimiz rahbarining 2024 yil 15 martdagi “2025 yilda YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining Samarqand shahrida o‘tkazilishiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida ushbu nufuzli xalqaro anjumanni yuqori darajada o‘tkazishga har jihatdan puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Tadbir ishtirokchilariga dastlab ajdodlarimizdan qolgan boy merosimiz, milliy urf-odatlarimizni aks ettiruvchi hunarmandlar ko‘rgazmasi namoyish etildi.

Shundan so‘ng, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti rektori, akademik A.Reymov Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasi o‘tkazilishi, ushbu anjuman, butun xalqaro madaniy va ilmiy hamjamiyat uchun ahamiyatli ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, YUNESKO sessiyasi bilim, madaniy an’analar almashish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash uchun katta imkoniyat ekanini, ushbu uchrashuv jahon madaniy merosini asrab-avaylash va targ‘ib etishga xizmat qilishini alohida ta’kidladi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi va Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti jamoalari tomonidan milliy qo‘shiqlar, raqslar ijro etildi. Paragon xalqaro universitet vakillari va talabalari milliy taomlarimiz bilan tanishib, ularning ajoyib ta’mini tatib ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ushbu ko‘rgazma mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otib, xalqimizning milliy qadriyatlari va mehmondo‘stligini namoyon etdi.

Ushbu tadbir ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlash bilan birga, xalqimizning boy tarixi va an’analarini keng targ‘ib etishga xizmat qilmoqda. Darhaqiqat, ushbu tadbirlar mamlakatimiz taraqqiyotining uch ming yildan ziyod tarixi, jahon sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning ilmiy, madaniy va ma’naviy merosi hamda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasini xorijiy davlatlarda keng targ‘ib qilish orqali hamkorlikni yanada rivojlantirishda o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘tamoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri