Para taekvondochilarimiz Turkiyada g‘olib bo‘ldi

252

Turkiyaning Antaliya shahrida para taekvondo bo‘yicha “Turkish open” xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi. G2 tasnifiga kiruvchi va Paralimpiya o‘yinlariga reyting ochkolari taqdim etuvchi musobaqada 27 ta mamlakatdan 180 nafar para taekvondochi ishtirok etdi.

E’tiborlisi, ushbu musobaqada 12 nafar terma jamoamiz a’zosi qatnashdi. Yakunda ularning 9 nafari 1 ta oltin, 4 tadan kumush va bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Aniqroq aytadigan bo‘lsak, ushbu nufuzli turnirda Qudrat Muhammadiyev (-80 kg.) oltin medaliga ega chiqqan bo‘lsa, Kamola Jo‘rayeva (-57 kg.), Qudratjon Haydarov (-63 kg.), Javohir Aliqulov (-80 kg.) va AsadbekToshtemirov (+80 kg.) kumush medal bilan taqdirlandi. Shuningdek, Karima Meliqo‘ziyeva (-57 kg.), Roziya Ergasheva (65 kg.), Muhammadsodiq Usmonov (-63 kg.) va Qudratulla Sunnatov (-70 kg.) shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA