G‘azodagi etnik tozalashga urinish, Trampning yopdi-yopdilari, Urushni tugatishga harakat

208

Ozarboyjon Rossiyani sudga beradi

O‘tib borayotgan haftada Ozarbayjon Moskvaning Boku bilan hisoblashishi kerakligini eslatib qo‘ydi. Boku 2024 yil 25 dekabr kuni Qozog‘istonning Aqtau shahri yaqinida «Ozarboyjon Havo Yo‘llari» (AZAL) aviakompaniyasiga tegishli yo‘lovchi samolyoti halokatga uchragani sababli Rossiyaga qarshi xalqaro sudga da’vo arizasi tayyorlamoqda. Bu haqda Ozarboyjon davlat axborot agentligi ma’lumot tarqatgan.

Aviahalokatda 38 nafar yo‘lovchi halok bo‘lgan. Hozirda huquqiy dalillar to‘planmoqda.

Rossiya tomoni voqeani bir tomonlama talqin qilishda ayblamoqda, biroq Qozog‘iston transport vazirligi ham o‘z xulosasini e’lon qilgan. Bokuga ko‘ra, Moskva o‘z aybini tan olmasdan xatoni ekipaj a’zolariga ag‘darishga urinyapti.

Agentlikka ko‘ra, Ozarboyjon hukumati AZAL samolyotiga otish buyrug‘ini bergan shaxslar, amalga oshirilgan zarbalar va qo‘llanilgan qurol haqida aniq ma’lumotlarga ega. Ushbu holat yuzasidan o‘tgan oy Vladimir Putin Ozarboyjon tomonidan uzr so‘ragan edi.

Shuningdek, mamlakat ushbu voqealardan keyin Rossiyaning raqibi Ukrainaga 1 million dollar miqdorida gumanitar yordam ko‘rsatilishi e’lon qildi. Bokudagi Rossiya madaniyat uyi rahbariyatiga uning yopilishi bo‘yicha rasmiy xabar yuborgan. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi “Rus uyi” bilan bog‘liq vaziyatni hal qilish ustida ish olib borayotganini bildirdi. “Rus uyi” bir yarim oy ichida ijaraga olingan binodan chiqishi kerak, uning egasi binoni shoshilinch ravishda sotib yubormoqchiligini aytgan. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning gaplariga ko‘ra, bu masala davlat yetakchilari o‘rtasida muhokama qilinishi kerak.

Tramp Netanyahuni himoya qildi

AQSH prezidenti Donald Tramp Xalqaro jinoiy sudga (XJS) sanksiyalar joriy etish haqidagi farmonni imzoladi. Bunga Qo‘shma Shtatlarning yaqin ittifoqchisi bo‘lgan Isroilga nisbatan tergov harakatlari ochilgani sabab bo‘lgan, deb yozmoqda “Euronews” nashri.

Avvalroq Xalqaro Sud Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni falastinliklarga nisbatan qilgan jinoyatlari uchun hibsga olish uchun order bergan edi. Trampning bu qarori esa Netanyahu Vashingtonga tashrif buyurgan paytga to‘g‘ri keldi. Ikki davlat yetakchisi seshanba kuni Oq uyda muzokaralar o‘tkazgan.

Imzolangan hujjatda aytilishicha, “qonunbuzarliklar” uchun mas’ul bo‘lganlar “aniq va muhim oqibatlarga duchor bo‘ladi”. Harakatlar mulk va aktivlarni blokirovka qilish, shuningdek, XJS rasmiylari va ularning qarindoshlari AQSHga kirishiga ruxsat bermaslikni o‘z ichiga olishi mumkin.

– Dunyo bo‘ylab inson huquqlari poymol qilingan jabrdiydalar boradigan joyi qolmagach, Xalqaro jinoyat sudiga murojaat qilishadi, xavotirli jihati shundaki, prezident Trampning farmoni adolat mezonlarini qiyinlashtiradi, – dedi Milliy xavfsizlik loyihasining advokati Charli Xogl. Uning aytishicha, bu buyruq “ham javobgarlikka, ham so‘z erkinligiga hujumdir”.

“Vashington tomonidan joriy etilgan sanksiyalar eng og‘ir jinoyatlar uchun jazosizlik xavfini oshiradi va xalqaro huquqni zaiflashtirish tahdidini keltirib chiqaradi”, – deyiladi BMT bayonotida.

Ushbu hujjatni Germaniya, Fransiya, Janubiy Afrika Respublikasi, Kanada va boshqa davlatlar imzolagan. Shuningdek, bayonotda 79 mamlakat Gaaga sudining mustaqilligini zaiflashtirishga qaratilgan har qanday urinishlarni qoralashi qayd etilgan.

Trampning yopdi-yopdilari

Tramp Prezident etib saylangandan keyingi ikki hafta ichida butun dunyo bo‘ylab AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning minglab xodimlari ishdan bo‘shatildi va dasturlar yopildi, deb xabar bermoqda “Eruonews”.

Milliarder Ilon Mask bu qaror Tramp bilan kelishilgan holda qabul qilinganini aytgan. 600 dan ziyod ishchi bilan aloqa bir kecha-kunduzda kompyuter tizimi orqali cheklab qo‘yilgan. USAID veb-sayti va X platformasidagi akkaunt ham o‘chirilgan. Tramp ma’muriyati tashkilotning umumiy 10 mingdan ortiq ishchilarining 97 foizini ta’tilga chiqarishga harakatni boshlab yuborgan edi. Keyinchalik bu sud tomonidan to‘xtatilib qo‘yilgan.

Mask rahbarligidagi Hukumat samaradorligi departamenti avvalroq G‘aznachilik bo‘limida xuddi shunday amaliyotni qo‘llab, maxfiy ma’lumotlar, jumladan Ijtimoiy ta’minot va “Medicare” mijozlari to‘lov tizimiga kirish huquqiga ega bo‘ldi. Buning ortidan ushbu sektorning yuqori martabali xodimi iste’fo bergan.

Mazkur xalqaro birlashma yopilishi Tramp ma’muriyati tomonidan federal hukumat dasturlariga nisbatan “qatag‘on”ning bir qismidir.

Amerika Qo‘shma Shtatlari sobiq rahbari Jon Kennedi USAIDni Sovet Ittifoqi bilan sovuq urush avjiga chiqqan pallada yaratgan. U tashqi kuchlarga qarshi chet davlatlar yordamida samaraliroq kurashishni xohlagan edi. O‘shanda Kongress xorijiy yordam to‘g‘risida qonun qabul qildi va 1961 yil USAID mustaqil agentlik sifatida ochildi.

Shuningdek, AQSH prezidenti Donald Tramp mamlakatning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi va Falastin qochqinlariga yordam berish bo‘yicha Yaqin Sharq agentligidan chiqishi to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Tramp tegishli farmonga Netanyahu bilan uchrashgan kunida imzo chekkan hamda Isroil ham Inson huquqlari bo‘yicha kengashdan chiqib ketgan.

Tramp Ukrainadagi ziddiyatni 20 aprelgacha tugatmoqchi

AQSH prezidenti Donald Tramp Pasxa bayrami munosabati bilan Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik bitimini ta’minlashga intilmoqda. Bu haqda “Daily Mail”nashri yozib chiqdi.

Qayd etilishicha, sulh rejasi quyidagi bandlarni o‘z ichiga oladi:

20 aprelgacha sulh;

Ukrainaning NATOga kirishini taqiqlash;

Ukraina qo‘shinlarining Kursk viloyatidan olib chiqilishi;

Ukrainani tiklash uchun 486 milliard dollar miqdorida xalqaro yordam.

Avvaliga Zelenskiy va Putin o‘rtasida telefon qo‘ng‘iroqlari, so‘ngra fevral oxiri yoki mart oyining boshlarida ikki davlat yetakchilari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazilishi kutilmoqda. Shuningdek, 9 mayga qadar o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha rasmiy bayonot berilishi ko‘zda tutilgan va Ukrainadan harbiy holatni uzaytirmaslik so‘raladi.

Qolaversa, Tramp Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etadi va uning 2030 yilgacha YeIga qo‘shilishi haqida o‘ylab ko‘radi, shu bilan birga, Rossiyaga qo‘llalanilayotgan  energiya sanksiyalari bekor qilinadi, tariflardan olingan mablag‘lar Ukrainani qayta tiklash uchun yo‘naltiriladi.

Shuningdek, Qo‘shma Shtatlar 14-16 fevral kunlari Myunxenda bo‘lib o‘tadigan Xavfsizlik konferensiyasida Ukraina inqirozini hal qilish rejasini taqdim etadi, deb yozdi “Bloomberg” agentligi.

– Loyihani ittifoqchilarga Prezident Donald Trampning Ukraina bo‘yicha mahsus vakili Keyt Kellog taqdim etadi, – deyilgan xabarda. Suhbatdoshlar muhokama formati va tafsiloti haqida ma’lumot bermagan.

Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari AQSH Prezidenti Donald Tramp va Rossiya rahbari Vladimir Putin o‘rtasidagi sammit o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan joy sifatida ko‘rilmoqda.

Qo‘shma Shtatlar yetakchisi RF – Ukraina urushini imkon qadar tezroq tugatish uchun rossiyalik hamkasbi bilan uchrashishga tayyorligini aytdi. Putin Trampni saylangani bilan tabriklab, Ukraina va energetika masalalarini muhokama qilish uchun muzokara stoliga chorlagan, deb yozdi “Reuters” axborot agentligi.

G‘azoda tirik qolishga urinayotganlar

Falastin qutqaruv guruhi G‘azo aholisi hayotini muhofaza qilish uchun zudlik bilan chora ko‘rishga chaqirmoqda. Xususan, Fuqaro mudofaasi Favqulodda qutqaruv tashkiloti a’zosi Mahmud Basal o‘n minglab G‘azolik hozir ochiq havoda yashab, asosiy boshpana va zaruriy ashyolardan mahrumligi, ularning hayotini saqlab qolish uchun yordamni tezlashtirish va ko‘paytirish zarurligini ta’kidladi. Bu haqda “IRNA News” yozgan.

“Shehab” axborot agentligi xabariga ko‘ra, sektorda harorat pasayib borayotgani tufayli chodirlarda, vayron bo‘lgan binolarda yashayotgan yuz minglab odam aziyat chekmoqda. Bundan tashqari hali portlamagan juda ko‘p o‘q-dori ko‘chalar, vayronalar bo‘ylab yoyilib yotibdi. Bu G‘azo fuqarolari hayotini xavf ostida qoldiradi.

G‘azo urushida Isroil tomonidan 61 700 nafardan ortiq falastinlik o‘ldirildi. Endi ularning oila a’zolari uyga o‘z yaqinlarisiz qaytib kelmoqda.

Falastinlik ayol turmush o‘rtog‘i, to‘rt va ikki yoshli farzandlarining vafoti haqida gapirib berdi. Ular o‘tgan yilning avgust oyida Isroil hujumlari oqibatida halok bo‘lgan. Endi esa oilasini yo‘qotgan falastinlik ayol ham yuz minglab millatdoshlari qatori Shimoliy G‘azoga yolg‘iz qaytmoqda.

«O‘sha vaqtdan boshlab men kuchli bo‘lishga harakat qildim. Ajralishga dosh berishga harakat qilaman. Ammo atrofimdagi hamma narsa menga yaqinlarimni eslatadi”, — deydi u.

Endi G‘azoga qaytgan falastinliklarning ko‘pi yaqinlarisiz, urushdan oldingi xotiralari bilan yashashga majbur.

Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Misr va Iordaniya tashqi ishlar vazirlari, shuningdek Falastin ozodlik tashkiloti Ijroiya qo‘mitasi bosh kotibi Husayn Al-Shayx AQSH davlat kotibiga xat yo‘lladi. Maktubda siyosatchilar G‘azo sektoridan falastinliklarni ko‘chirish rejasiga qarshi ekanliklarini bildirishgan. Shuningdek, qator Yevropa davlatlari ham bunga qarshilik bildirgan.

– Besh arab davlati tashqi ishlar vazirlari va Falastinning yuqori martabali amaldori davlat kotibi Marko Rubioga yo‘llagan qo‘shma maktubda falastinliklarni G‘azo sektoridan chiqarib yuborish rejasi qoralanib, buning o‘rniga ularni qayta qurish jarayoniga qo‘shish talab qilingan, – deb yozdi nashr. Keyinchalik Rubio falastinliklar vaqtinchalik ko‘chirilishi mumkinligini aytib chiqdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Donald Tramp G‘azo aholisini arab mamlakatlariga vaqtincha va uzoq muddatga joylashtirish imkoniyati ko‘rib chiqilishini ma’lum qilgandi. Isroil moliya vaziri Betsalel Smotrich  ham shunday rejani ishlab chiqish mo‘ljallanayotganini aytgan. Misr Tashqi ishlar vazirligi Qohira falastinliklarni vaqtincha yoki uzoq muddatli asosda joylashtirishga urinish qabul qilinmasligini ta’kidladi.

Sardorbek Poyonov, Abror Sodiqov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA.