
Ispaniya kubogining chorak finalida “Barselona” 5:0 hisobida “Valensiya”ni taslim qildi. Shu tariqa, “Real”, “Atletiko”, “Real Sosedad” va “Barselona” yarim finalga yo‘l oldi.
***

Angliya liga kubogining yarim finalidan o‘rin olgan “Liverpul” — “Tottenxem” bahsida 4:0 hisobi qayd etildi. Endi Angliya liga kubogi finalida “Liverpul” va “Nyukasl” jamoalari o‘zaro raqobatlashadi.
***
Bugun, 7 fevral kuni “Andijon” klubi Antaliya shahridagi yig‘inda ikkita o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazadi. Jamoa dastlab “ASK Voytsberg” (Avstriya), ikkinchi o‘yinda esa “Raufoss” (Norvegiya) klubiga qarshi maydonga tushadi.
***
Ulug‘bek Baqoyev boshchiligidagi “Buxoro“ klubi Antaliya shahridagi yig‘inda Qozog‘istonning “Yelimay“ jamoasini 2:0 hisobida taslim etdi. O‘yinda Frane Ikich va Asilbek Qayumov gol urdi.
***

Dubayda yangi mavsumga tayyorlanayotgan “Navbahor“ o‘rtoqlik uchrashuvlaridagi ketma-ket uchta mag‘lubiyatdan so‘ng, Xitoy Superligasida o‘tgan mavsum bronza medalini qo‘lga kiritgan “Chengdu” (Chengdu) jamoasiga qarshi o‘tkazilgan bellashuvda 1:0 hisobida zafar quchdi.
***
“Nasaf“ klubi Antaliya yig‘ini doirasida Gruziyaning “Kolxeti Poti“ jamoasini 4:1 hisobida dog‘da qoldirdi. Uchrashuvda Dragan Cheran, Bahodir Xalilov, Oybek Bozorov (dubl) gol urdi. Raqib jamoaning yagona goli David Krasovskiy tomonidan kiritildi.
***

“Real Madrid“ jamoasi sobiq himoyachisi braziliyalik Marselo futbolchilik faoliyatini yakunladi. 36 yoshli futbolchi uzoq yillik faoliyati davomida “Fluminense“ (2005-2007, 2023-2024), “Real Madrid“ (2007-2022) va “Olimpiakos“ (2022-2023) jamoalarida to‘p tepdi. Marselo “Real“ tarkibida Chempionlar ligasi kubogini besh marotaba qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, u olti marta Ispaniya chempioni, to‘rt marotaba klublar o‘rtasidagi jahon chempionati g‘olibi bo‘ldi.
***
Angliya futbolida yangi yulduz paydo bo‘ldi. 15 yoshli Jeremi Monga noyob iste’dod egasi sifatida tanilmoqda. “Lester” klubi kashf qilgan qanot hujumchisiga bugungi kunda “Manchester Siti”, “Chelsi” va “Real” jamoalari xaridor bo‘lmoqda.
***

Buyuk Britaniyaning “FourFourTwo” nashri jahon futboli tarixidagi eng zo‘r 100 nafar futbolchi reytingini tuzib chiqdi.
Unga ko‘ra, futbol olamida deyarli barcha sovrinlarni qo‘lga kiritgan Lionel Messi jahonning eng kuchli futbolchisi deya qayd etilgan. Sakkiz karra “Oltin to‘p” sohibining doimiy raqobatchisi Krishtianu Ronaldu to‘rtinchi pog‘onaga loyiq ko‘rilgan. Uch karra jahon chempioni Pele va argentinaliklarning qahramoni Diyego Maradona 2-3 o‘rindan joy oldi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA