Ish haqlari undirib berildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumani adliya bo‘limiga 72-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining bir guruh xodimlari uch oy davomida ish haqlarini olmaganliklarini yuzasidan murojaat etgan.
– Murojaatni o‘rganish jarayonida, xodimlar haqiqatdan ham uch oy davomida ish haqlarini olmaganligi ma’lum bo‘ldi, – deydi To‘rtko‘l tuman adliya bo‘limi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti Ilhom Qurbanbayev. – Bunga sabab, shu kunga qadar maktabda ishchi xodimlarning shtat birligi va dars soatlarini yuklash bo‘yicha tarifikatsiyasi hududiy Iqtisodiyot va moliya bo‘limi bilan kelishilib tasdiqlash choralari ko‘rilmaganligi aniqlandi. Shunga qaramasdan, maktabda jami 38 nafar ishchi va xodim faoliyat yuritib, amalda o‘qituvchilar tomonidan vaqtinchalik jadval asosida dars o‘tib kelgan.
Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Moliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 20 iyundagi qarori bilan tasdiqlangan “Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 3-bob, 14-bandida umumta’lim muassasalari umumiy o‘rta ta’limning tayanch o‘quv rejasi asosida har yili 10 sentyabrga qadar umumta’lim muassasasining dars soatlari setkasi shakllantirilishi hamda 2-bob, 9-bandida hududiy maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari hamda hududiy iqtisodiyot va moliya organlari tomonidan ko‘rib chiqilgan sinflar komplektini shakllantirish to‘g‘risidagi ma’lumotlar har yili 15 sentyabrga qadar tasdiqlanadi yoki aniqlangan xato va kamchiliklarni asoslantirgan holda qayta ishlash uchun yuboriladi, deb belgilangan.
Yuqoridagilarga asosan, tuman adliya bo‘limi tomonidan xodimlarga tegishli to‘lovlarni to‘lab berish yuzasidan tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga taqdimnoma kiritilib, 38 nafar xodimga to‘lanmasdan kelinayotgan 40 million 133 ming 571 so‘m miqdorida oylik ish haqi to‘lab berilishi ta’minlandi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri