Mahallalardagi muammolar o‘rganildi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev Amudaryo tumani mahallalaridagi ichki xo‘jalik yo‘llarini ta’mirlash va obodonlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Jumladan, “Choyko‘l”, “Xolimbeg” qishloqlari va “Toshqal’a” mahallasi ichki ko‘chalariga qum-shag‘al aralashmasini yotqizish bo‘yicha boshlangan ishlarni ko‘zdan kechirib, hudud aholisi bilan muloqot qildi.
Ta’kidlash joizki, ko‘p sonli fuqarolar tomonidan ichki yo‘llarni ta’mirlash va mahalla infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha bildirilgan murojaatlar bugungi kunga kelib bosqichma-bosqich o‘z yechimini topmoqda. Muloqot davomida aholi tomonidan bildirilgan masalalarni ijobiy hal etish yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriq berildi.
Amanbay Orinbayev azaldan bobo dehqonlar yurti bo‘lgan Amudaryoda aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish maqsadida tomorqadan foydalanishda dehqonchilik, hunarmandchilikni rivojlantirish borasidagi ishlar bilan ham tanishdi.

Dastlab, “Choyko‘l” qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Mahmud Norboyevning issiqxonasidagi ishlarni ko‘zdan kechirdi. Shuningdek, “Xolimbeg” qishlog‘ida yashovchi Erkin Qo‘shayevning limon, qulupnay yetishtirishni rivojlantirish, quyonchilik, chorvachilik bo‘yicha amalga oshirayotgan samarali ishlari bilan tanishdi. Shu bilan birga, ushbu ovuldagi Ollambergen Ismoilovning uy sharoitida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash tajribasi ko‘zdan kechirildi.
Imtiyozli kredit mablag‘i hisobidan 16 sotix yer maydonida issiqxona tashkil etib, har yili mo‘l hosil yetishtirib kelayotgan Shavkat O‘razboyev xonadoni ham e’tibordan chetda qolmadi.
Xonadon egalari bilan muloqot chog‘ida dehqonchilik sohasining sirlarini chuqur egallagan mirishkor tomorqachilar tajribasini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri