Qoraqalpog‘iston Respublikasi xabarlari – qisqa satrlarda

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi O‘zXDP fraksiyasi tomonidan davlatimiz rahbarining 2024 yil 23 sentyabrdagi “Kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining Amudaryo tumanidagi ijrosini o‘rganish bo‘yicha amaliy tadbir tashkil etildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi O‘zXDP fraksiyasi va xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashidagi partiya guruhi a’zolaridan iborat Ishchi guruh dastlab tumandagi “Arna bo‘yi” mahalla fuqarolar yig‘inidagi mahalla yettiligi bilan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi ijrosi yuzasidan suhbatlashdi. Unda kambag‘allikdan chiqarish masalalari muhokama etilib, takliflar olindi. Shundan so‘ng dastur ijrosini joyiga borib o‘rganish maqsadida Ishchi guruh a’zolari xonadonlarga tashrif buyurdi.
O‘rganish natijalari hamda dasturi ijrosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi O‘zXDP fraksiyasi va xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashidagi partiya guruhining qo‘shma yig‘ilishida muhokama etildi va tegishli qaror qabul qilindi.

***
Orolbo‘yining chekka hududlarida badiiy gimnastika sportini yanada rivojlantirish maqsadida Nukus tumanidagi 19-sonli umumta’lim maktabida “Shahzoda Ibragimova sport mahorati to‘garagi” tashkil etildi.
O‘zbekiston jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filiali tashabbusi bilan tashkil etilgan to‘garakning ochilish marosimida professor-o‘qituvchilar hamda “Badiiy gimnastika” mutaxassisligi talabalari ishtirok etdi. Tadbirda xalqaro darajadagi sport ustasi, Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlarining ishtirokchisi Shahzoda Ibragimova badiiy gimnastikaga mehr qo‘ygan qizlarga mahorat darslarini o‘tkazdi.
Yangidan tashkil etilgan to‘garakka badiiy gimnastika sportiga qiziquvchi 50 nafardan ziyod o‘quvchi a’zo bo‘ldi.

***
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot va Taxtako‘pir tumani bo‘limlari hamda Ichki ishlar bo‘limlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda noqonuniy alkogol va tamaki mahsulotlari savdosi fosh etildi.
Jumladan, fuqarolar M.A. va R.M. “Adabiyot” ovul va “G‘arezizlik” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududidagi savdo do‘konlarida jami 892 dona qalbaki aksiz markali alkogol hamda 820 quti tamaki mahsuloti sotuvga qo‘yilganligi aniqlandi. Ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Hozirda Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri