Bojxona: xizmat itlari taqdirlandi

209

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi “Dovut-ota” chegara bojxona posti kichik inspektor-kinologi S.Aytjanovga biriktirilgan “Runi” laqabli rus spaniyeli xizmatda o‘z xo‘jayiniga katta yordamchi hisoblanadi.

Birgina 2024 yil davomida Runi o‘zining noyob iste’dodi orqali 18 kg 100 gr mefedron giyohvandlik vositasi, 2,37gr opiy va 770 tup ko‘knori giyohvandlik vositasining mamlakatimiz sarhadlari orqali olib kirilishining oldini olishda hissasi katta bo‘ldi. Safdosh bojxonachi do‘stlari bilan yelkama-yelka turib, ayniqsa, giyohvandlik vositalarining mamlakatimiz hududiga kirib kelishining oldini olish yo‘lida qo‘shgan hissasi bugun Milliy kinologiya markazi tomonidan munosib e’tirof etilib, Runi “xizmat iti nishoni” bilan taqdirlandi.

Mazkur nishonning navbatdagi sohibi “Qoraqalpog‘iston” temir yo‘l chegara bojxona posti kichik inspektor-kinologi D.Salimovga biriktirilgan “Aylan” laqabli xizmat iti bo‘ldi. Giyohvandlik vositalari va valyuta qimmatliklarini qidirishda to‘rt oyoqli ko‘makdosh o‘ta xavfli giyohvandlik vositasi hisoblanuvchi geroin va opiy izlab topish bo‘yicha katta tajribaga ham ega.

Bu kabi rag‘batlantirishlar aslida ushbu xizmat itlari biriktirilgan va ularga tarbiya berayotgan kichik inspektor-knologlarga berilgan bahodir. Bojxona tizimida kinologiya xizmati yanada taraqqiy topib, kelgusida ham noqonuniy tovarlar harakatini aniqlashda soha xodimlariga katta tayanch bo‘lishi shubhasiz.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri