O‘zbekiston sportchilari Harbinga yetib bordi

Ertaga, 7 fevral kuni Xitoyning Harbin shahrida IX qishki Osiyo o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.
Qit’aning 34 ta davlatidan 1 ming 300 nafarga yaqin sportchi ishtirok etadigan qishki Osiyo o‘yinlarida mamlakatimizning 24 nafar atleti 6 ta sport turida vatanimiz sharafini himoya qiladi.
O‘tgan kunlar davomida o‘yinlarda ishtirok etadigan sport jamoalarimiz belgilangan dastur asosida Xitoyga yetib borishdi. Kecha O‘zbekiston sport delegatsiyasining asosiy qismi Xitoyga yo‘l oldi.
Ayni kunlarda qishki Osiyo o‘yinlarida ishtirok etish uchun Harbinga yetib borgan sportchilarimiz musobaqalar oldi mashg‘ulotlarni o‘tkazmoqda.
Bevosita o‘yinlarning ochilish marosimiga to‘xtaladigan bo‘lsak, “Harbin-2025” tashkiliy qo‘mitasi ochilish tadbirlari uch qismdan iborat bo‘lishi, unda ilk bor sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanilishini ma’lum qildi.
Xitoy “Pekin-2022” qishki Olimpiya va “Xanchjou-2022” yozgi Osiyo o‘yinlarining marosimlarida ishlagan badiiy jamoa bu tadbirga ham jalb etilganini inobatga olsak, bu gal ham chinliklar to‘rt yillik o‘yinlarda o‘ziga xos yangiliklarni namoyish etishni reja qilgan.
Aytish lozim, “Harbin-2025” o‘yinlari 2026 yilgi qishki Olimpiada o‘yinlariga tayyorgarlikning muhim bosqichi sanaladi.
IX qishki Osiyo o‘yinlari 14 fevralga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, A.Mamadaminov (surat), O‘zA