“Harbin-2025”: OOKning 93 ijroqo‘m yig‘ilishi o‘tkazildi

200

Xitoyning Harbin shahrida Osiyo Olimpiya kengashi (OOK)ning 93 ijroqo‘m yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda OOK vitse-prezidenti, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov ishtirok etdi.

Tadbir avvalida Harbin shahri meriyasi vakili mehmonlarni qarshi olishdan mamnun ekanini bildirib, qishki Osiyo o‘yinlarida ishtirok etayotgan sportchilarga omad tiladi. Anjuman davomida “Aichi-Nagoya-2026” yozgi Osiyo va 2029 yil Saudiya Arabistonida tashkil etiladigan kelgusi qishki Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi.

Aytish lozim, “Harbin-2025” qishki Osiyo o‘yinlari dasturidan 11 ta sport turi o‘rin olgan bo‘lib, bugungi kunda kyorling va xokkey yo‘nalishlaridagi saralash musobaqalari davom etmoqda. O‘zbekiston sportchilari dastlab o‘yinlar dasturidan o‘rin olgan short-trek musobaqalarida o‘z omadini sinovdan o‘tkazadi.

Eslatib o‘tamiz, 14 fevralga qadar davom etadigan “Harbin-2025” qishki Osiyo o‘yinlarining 6 ta sport turida 24 nafar sportchimiz Vatanimiz sharafini himoya qiladi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA