Janubiy Koreya: sobiq rahbarlar ustidan sud davom etyapti

262

Harbiy zobit, armiya general-leytenanti Li Jin Vu Prezident Yun Sok Yol 3 dekabr kuni e’lon qilgan mamlakatda qisqa muddatli harbiy holat joriy etish to‘g‘risidagi farmon qonuniy, deb hisoblashini aytdi.

“Reuters” yozishicha, ushbu ko‘rsatmani u mazkur farmoyishi tufayli qo‘zg‘olon uyushtirganlikda ayblanayotgan Yunga nisbatan parlament impichmenti ko‘rib chiqilayotgan Konstitutsiyaviy sud majlisida bergan.

– Men hamon o‘sha farmonni qonuniy hisoblayman, parlamentga borishni aytishganini ham buyruq sifatida qabul qildim, – dedi Li sudda. – Xalqning ishonchli vakili bo‘lgan Bosh qo‘mondon mamlakat va dunyo oldida gapirganda vaziyat qonuniymi yoki konstitutsiyaga zidmi, buni o‘ylashning imkoni yo‘q edi.

Poytaxt mudofaa qo‘mondonligi rahbari Li Jin Vu qo‘zg‘olon uyushtirish va hokimiyatni suiste’mol qilishda ayblangan bir necha yuqori martabali harbiy va politsiya zobitlari bilan birga so‘roq qilinmoqda.

Konstitutsiyaviy sud parlament Yunga nisbatan 14 dekabrda e’lon qilgan impichment masalasini ko‘rib chiqmoqda. Yig‘ilish yakunida uni lavozimidan butunlay chetlatish yoki qayta tiklash to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. Agar davlat yetakchisi vakolatidan mahrum etilsa, uch oy ichida prezident saylovi o‘tkaziladi.

Musulmon Ziyo, O‘zA