Qilichbozlik: Jahon kubogiga tayyorgarlik masalasi muhokama qilindi
Joriy yilning 14-16 fevral kunlari Toshkent qilichbozlikning rapira yo‘nalishi bo‘yicha yilning ilk nufuzli musobaqasi – yoshlar o‘rtasidagi jahon kubogiga mezbonlik qiladi.
Dunyoning bir qator yetakchi davlatlaridan mahoratli sportchilar ishtirok etadigan nufuzli musobaqa oldidan Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbariyati Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi (FIE) va O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi bosh kotibi Gulnora Saidova bilan jahon kubogini yuqori saviyada o‘tkazish yuzasidan olib borilayotgan tayyorgarlik masalalarini muhokama qildi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunga kelib, bo‘lajak musobaqada qatnashish uchun 15 davlatdan 69 nafar sportchi talabnomalarni taqdim etgan. Muloqot davomida xorijiy davlat terma jamoalari uchun qulay sharoitlar yaratish, turnirni belgilangan talab darajasida o‘tkazish bo‘yicha qator yo‘nalishlar ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida 2027 yil poytaxtimizda qilichbozlik sporti bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tkaziladigan jahon chempionatiga hozirdan hozirlik ko‘rish, Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi(FIE) bilan yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yish borasidagi rejalar ko‘rib chiqildi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA