AQSH yangi tariflarni vaqtincha to‘xtatdi
Prezident Donald Tramp kecha har ikki davlat rahbari bilan gaplashgach, Meksika va Kanadaga nisbatan qo‘shimcha tarif qo‘llash bir oyga kechiktirilishini e’lon qildi. Bu haqda CNN xabar tarqatdi.
Oldinroq Qo‘shma Shtatlar yetakchisi shimol va janubdagi qo‘shni mamlakatlardan kirib keladigan energiya mahsulotlariga 10 foiz, qolgan barcha tovarlar uchun 25 foiz, Xitoydan importga ham yangi 10 foizlik boj joriy etilishini bildirgan edi.
Meksika yetakchisi va Kanada Bosh vaziri AQSH bilan chegarada xavfsizlik kuchaytirilishi, umuman AQSHning mazkur tashabbusiga munosib va “kerakli javob” berilishi xususidagi bayonotlari Trampni shoshilmaslikka undagan bo‘lsa ajab emas.
– Men hozirgina Prezident Klaudiya Sheynbaum bilan gaplashdim, – deb yozdi Tramp kecha o‘z ijtimoiy tarmog‘ida. – Juda do‘stona suhbatlashdik. U davlatlarimizni ajratib turuvchi chegaraga zudlik bilan 10 000 askar yetkazishga rozi bo‘ldi. Bu qo‘shin fentanil va noqonuniy muhojirlarning mamlakatimizga kirib kelishini to‘xtatish missiyasini bajaradi.
Jastin Tryudo ham Kanada chegara masalasiga daxldor, avval e’lon qilingan 1,3 milliard dollar qiymatga ega reja amalga oshirilishi, kartellar terrorchilar ro‘yxatiga kiritilishi bo‘yicha majburiyat olishini bildirdi.
Dam olish kunlari Amerikaning uch eng yirik savdo hamkoriga nisbatan favqulodda tarif e’lon qilinishi, hatto, Trampning ba’zi tarafdorlarida ham jiddiy xavotir uyg‘otib, iqtisodiyotda shov-shuv ko‘tardi, biznes olamini larzaga keltirdi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, yangi tariflar bilan bog‘liq oyiha amalga oshsa, Kanada va Meksika iqtisodiyoti tezda tanazzulga uchrashi mumkin. Amerikaliklar uchun esa avtomobil, benzin, yog‘och hamda boshqa import qilinadigan mahsulotlar narxi keskin ko‘tariladi.
Musulmon Ziyo, O‘zA