Parlamentlararo ittifoq kotibiyati vakillari bilan onlayn muloqot bo‘lib o‘tdi

128

Avval xabar berganimizdek, 2025 yilning 5-9 aprel kunlari 190 mamlakatni birlashtirgan Parlamentlararo ittifoqning eng yirik xalqaro tadbiri – 150-yubiley Assambleyasiga O‘zbekiston mezbonlik qiladi.

Senatda Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasini Toshkent shahrida o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy masalalar yuzasidan Ittifoq kotibiyati vakillari bilan navbatdagi onlayn muloqot bo‘lib o‘tdi.

Unda Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasini o‘tkazish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mita tuzilgani, Senat Raisi boshchiligida uning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgani hamda maxsus shtab faoliyat boshlagani qayd etildi.

Muloqot davomida xorijiy delegatsiyalarni qabul qilish, jumladan, viza masalalarini hal etish, respublikamiz turizm salohiyatini namoyish etish hamda Assambleya doirasida o‘tkaziladigan qator tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, Parlamentlararo ittifoq kotibiyati vakillarining mamlakatimizga tashrifini tashkil etishga kelishib olindi.

N.Abduraimova,

O‘zA