Iste’molchilarning huquqlari himoya qilinadi (+video)
So‘nggi paytlarda aldov va firibgarlik yo‘li bilan fuqarolarni “chuv tushirish” holatlari avj olgani, onlayn savdo borasida fuqarolar aldovlarga uchrayotgani sir emas. Bu esa iste’molchilarning huquqlari buzilishiga olib kelmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida ayni masalalarga daxldor bo‘lgan iste’molchilarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Mazkur qonun loyihasi bilan sotuvchi iste’molchiga shartnomada ko‘rsatilgan muddatlarda tovarni topshirmagan taqdirda, majburiyatning bajarilmagan qismiga penya to‘lashi nazarda tutilmoqda. Bunda penyaning umumiy summasi yetkazib berilmagan tovar bahosining 100 foizidan oshib ketmasligi ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, penyani to‘lash shartnoma majburiyatlarini buzgan tarafni tovarlarni yetkazib berish muddatlarini kechiktirib yuborish, to‘liq yetkazib bermaslik oqibatida yetkazilgan zararni qoplashdan ozod etmasligi belgilanmoqda.
Muhokamalarda deputatlar bir qator taklif va mulohazalarni bildirib, qonun loyihasining bugungi kundagi zaruratini ta’kidladilar va uni qo‘llab-quvvatladilar.
Yig‘ilish kun tartibiga kiritilgan masalalar ko‘rib chiqilib, tegishli qaror qabul qilindi.
M.Komilova, A.Ahmedov (video), O‘zA