Chorvachilik va parrandachilik qo‘llab-quvvatlanadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Chorvachilik va parrandachilikni qo‘llab-quvvatlash, sohada yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq:
2025 yilda go‘sht va sut ishlab chiqarish hajmining prognoz ko‘rsatkichlari;
2025 yilda parranda go‘shti va parranda tuxumi yetishtirish hajmining prognoz ko‘rsatkichlari;
2025 yilda hududlarda parrandachilik kooperatsiyasi tizimi asosida aholi bandligini ta’minlash ko‘rsatkichlari;
2025 yilda parranda mahsulotlarini eksport qilishning prognoz ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.
Chorvachilik va parrandachilikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha:
a) 2025 yil 1 apreldan 2028 yil 1 yanvarga qadar chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklari tomonidan Davlat byudjetiga to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining 50 foizini har oyning 25 sanasiga qadar qaytarish tartibini joriy etish. Bunda ushbu tartib ishlab chiqarilgan go‘sht, sut, parranda go‘shti hamda tuxumni realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushum jami tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olgan daromadining kamida 90 foizini tashkil qiladigan chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklariga nisbatan tatbiq etiladi;
b) parrandachilik sohasida aholi xonadonlari bilan kooperatsiya asosida ishlash tizimini moliyalashtirish uchun 2025 yil 1 fevralga qadar Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining 50 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘larini “Mikrokreditbank” ATBning ustav kapitalini oshirishga yo‘naltirish. Mazkur mablag‘lar hisobiga respublikaning barcha hududlarida parrandachilikning go‘sht va tuxum yo‘nalishida kooperatsiya tizimi asosida 1 million aholini ish bilan ta’minlash bo‘yicha “Parranda boqish – daromad topish” loyihasi amalga oshiriladi;
v) 2028 yil 1 yanvarga qadar parrandachilik-naslchilik korxonalari tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun olib kiriladigan xo‘jaliklarga jo‘jalarni yetkazib berishda foydalaniladigan motorli transport vositalariga (TIF TH kodi 8704 22 920 9) import bojxona bojini 5 foiz hamda dvigatelning har bir kub sm uchun 1,2 AQSH dollari etib belgilash;
g) naslchilik korxonalari uchun ularning asosiy faoliyat turi bo‘yicha foyda solig‘i (tijorat banklarida joylashtirilgan mablag‘lardan olingan foizlardan tashqari), mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlarni 50 foiz pasaytirilgan stavkada to‘lash shaklidagi soliq imtiyozlarining amal qilish muddatini 2028 yil 1 yanvarga qadar uzaytirish.
Qarorga ko‘ra, Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani Niyozboshi massivi hududidagi Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining Toshkent filialiga tegishli bo‘lgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘oriladigan 32,13 gektar yer uchastkasi Naslchilik ilmiy-ishlab chiqarish markaziga beriladi, shundan 4 gektar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘oriladigan yer toifasi tegishli bino va inshootlar qurish uchun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar toifasidan sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan yerlar toifasiga o‘tkaziladi.
Qaror bilan:
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi va uning tizimidagi tashkilotlar xodimlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash choralari;
2025-2027 yillarda veterinariya sohasini takomillashtirish hamda chorvachilik tarmoqlarini yanada rivojlantirishga doir vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy byudjetlari hisobidan tuman (shahar) veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limlarini naslchilik ishi va sun’iy urug‘lantirishni tashkil qilish uchun zarur bo‘lgan moddiy-texnika vositalari, shu jumladan, Dyuar idishlari bilan ta’minlashning prognoz ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.
O‘zA