Ayol siymosi rassom nigohida

I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyida Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi Alvina Andreyevna Shpadы tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan “Rassom va ayol siymosi” ko‘rgazmasi ochildi.
Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi raisi U.Utegenova, Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi direktori G.Izentayeva, Qoraqalpog‘iston xalq rassomi S.Baybosinov rassomning ijodiga, uning Qoraqalpog‘iston madaniyati bilan san’ati rivojiga qo‘shgan katta hissasiga to‘xtaldi.
Ta’kidlanganidek, Alvina Andreyevna Shpadы Qoraqalpog‘istonning eng dastlabki rassomlaridan biri hisoblanadi. U 1935 yil 31 yanvarda Turkmanistonda tavallud topgan. Maktabni tugatganidan so‘ng, 1957 yili Ashxobodda Sh.Rustaveli nomidagi san’at bilim yurtida ta’lim oladi. 1960 yilda Qoraqalpog‘istonga ko‘chib o‘tadi.
I.Savitskiy bilan tanishishi, Qoraqalpog‘istonning badiiy fondida va bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston fanlar akademiyasining Qoraqalpog‘iston filiali san’atshunoslik bo‘limida ishlashi ko‘p jihatdan nafaqat keyingi hayot yo‘lini, balki rassomning qiziqish doirasini ham belgilab berdi. Alvina Andreyevna ijodiy faoliyat bilan faol shug‘ullangan. U qoraqalpoq xalq san’atini, ushbu o‘lkada qadim zamonlardan buyon yashab kelayotgan xalqlar tarixini chuqur o‘rganadi. U portret, natyurmort, peyzaj janrlarida ijod qilgan va 1969 yildan badiiy ko‘rgazmalarda ishtirok eta boshlagan.
Dastlab, Toshkent teatr va rassomlik institutini, keyin Moskva to‘qimachilik institutini tugatganidan so‘ng, u Nukus san’at muzeyida (hozirgi I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi) deyarli ochilgan kundan boshlab o‘z mehnat yo‘lini boshlagan. Bir vaqtning o‘zida Stanislavskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat drama va komediya teatridagi (hozirda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatri) faoliyati davomida ko‘plab spektakllarning sahna bezaklarini ishlagan.
2023 yilda I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyiga Marinika Babanazarova tomonidan Alvina Andreyevnaning 256 ta grafika asari asosiy fondga, 47 tasi ilmiy-yordamchi fondga sovg‘a sifatida topshirildi. Ular orasida dastlabki talabalik davridagi asarlari, portretlar to‘plami, har xil janrda ishlagan asarlari, sahna bezaklari, teatr va kinematografiya uchun tayyorlangan liboslar eskizlari mavjud. Rassomning asarlari Moskva, Toshkent, Olma-ota, Ufa, Qozon va boshqa shaharlardagi muzey ko‘rgazmalarida namoyish etilgan.
Onalar va ayol ishchilar uning ko‘plab asarlarining qahramonlari. Rassom ularni qoraqalpoq xalqining milliy o‘zgachaligini aks ettiruvchi o‘ziga xos kompozitsiyalarda va obrazlarda tasvirlaydi. Ko‘rgazmada Alvina Shpadыning avtoportretlari bilan bir qatorda “Qora fondagi ayol portreti”, “Oq rangdagi ayol” nomli grafika asarlarida romantik ayol siymolari namoyish etilgan bo‘lib, rassom, ayol go‘zalligini tasvirlashda o‘z nuqtai nazari bilan yondashgan.
“Mening buvim”, “Mehmonga”, “Sharipa dam olishda”, “Sayr qilayotgan ayollar” asarlarida kundalik turmush tarzi ifodalangan, ularda ayollarning turli xil hayotiy vaziyatlardagi siymolari aks etilgan va “Paxta o‘tog‘i bilan shug‘ullanuvchi ayol”, “Pechka yonidagi ayol”, “Tariqni maydalash” asarlarida ayollarning mehnat faoliyati aks etilgan. Rassom asarlarida ayollarning nafaqat ishlab chiqarishdagi ishtiroki, balki uy ishlari, bola tarbiyasi, yaqinlarga g‘amxo‘rlik qilish kabi xislatlarini ko‘rsatish muhim o‘rin egallagan.
Shpadыning asarlari voqelikning ishonchliligi va aniqligi bilan ajralib turadi. Shu bilan birga, kundalik hayotda u o‘ziga xos she’riyatni his qilgan. Asarlardagi syujetlar xayoliy yemas, balki, rassom hayotni sinchkovlik bilan kuzatgan va bu kuzatuvlar uning ko‘plab asarlarida aks etgan.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (sura), O‘zA