O‘zbekistonlik sportchilar IX qishki Osiyo o‘yinlarida qatnashadi 

190

Joriy yilning 7-14 fevral kunlari Xitoyning Harbin shahrida IX qishki Osiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.

Mazkur musobaqada O‘zbekiston sport delegatsiyasi ilk bor qishki Osiyo o‘yinlari tarixidagi eng katta tarkib bilan ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Qit’aning 34 ta davlatidan 1 ming 300 nafarga yaqin sportchi ishtirok etadigan qishki Osiyo o‘yinlarida mamlakatimizning 24 nafar atleti 6 ta sport turida vatanimiz sharafini himoya qiladi.

Milliy olimpiya qo‘mitasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sherzod Toshmatov yilning ilk kompleks musobaqasi xususida jurnalistlarga batafsil axborot berib o‘tdi.

Qayd etilganidek, yana to‘rt kundan so‘ng rasman ochilish marosimi bo‘lib o‘tadigan Osiyo o‘yinlarida yurtimiz sharafini quyidagi sportchilar himoya qiladi: 

Short-trek: Daniil Yeybog va Denis Ayrapetyans; 

Konkida yugurish: Danila Semerikov;

Tog‘ chang‘isi: Medet Nazarov, Arman Gayupov, Nikita Gorkovskiy, Sabina Rejepova, Valeriya Kovalyova, Kseniya Grigoreva, Mariya Morozova;

Chang‘i alpinizmi: Mohinur Aralova, Feruza Boboqulova, E’zoza Shaymardanova, Asila Shoyimova, Jasur Shamsiddinov, Maqsudxon Akobirov, Shohrux Sardorov, E’zozbek Xushvaqtov.

Figurali uchish: Yekaterina Geynish, Dmitriy Chigirev, Niginabonu Jamoliddinova, Sevinch Rahimova;

Biatlon: Rolan Raimqulov, Dilmurod Abdurahmonov.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston sportchilari uchun “Harbin-2025” o‘yinlari 2026 yilgi qishki Olimpiada o‘yinlariga tayyorgarlikning muhim bosqichi sanaladi.

Aynan mazkur o‘yinlar orqali 2026 yil Milan va Kortina-d’Ampetsso shaharlarida (Italiya) bo‘lib o‘tadigan XXV qishki Olimpiya va XIV Paralimpiya o‘yinlarida mamlakatimiz atletlari qaysi sport turlari bo‘yicha yo‘llanmalar uchun kurash olib borishi oydinlashadi.

Anjumanda qishki sport turlari bo‘yicha faoliyat ko‘rsatayotgan sport federatsiya va assotsiatsiyalarning ish tizimi tanqid qilinib, kelgusida ushbu yo‘nalishni tahliliy ko‘rib chiqish lozimligi bildirildi.

Eslatib o‘tamiz, qishki Osiyo o‘yinlarining rasmiy ochilish marosimi 7 fevral kuni tashkil etiladi. O‘yinlar 14 fevralga qadar davom etadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA