Tramp va Putin tez orada uchrashishi mumkin

Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari AQSH Prezidenti Donald Tramp va Rossiya rahbari Vladimir Putin o‘rtasidagi sammit o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan joy sifatida ko‘rilmoqda.
Qo‘shma Shtatlar yetakchisi RF – Ukraina urushini imkon qadar tezroq tugatish uchun rossiyalik hamkasbi bilan uchrashishga tayyorligini aytdi. Putin Trampni saylangani bilan tabriklab, Ukraina va energetika masalalarini muhokama qilish uchun muzokara stoliga chorlagan, deb yozdi “Reuters” axborot agentligi.
Tramp yakshanba kuni o‘zining ma’muriyati “turli tomonlar, jumladan Ukraina va Rossiya bilan muzokara rejalashtirgani”ni ta’kidladi.
Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Tramp lavozimga kirishgandan keyin chaqirgan birinchi xorijiy davlat rahbari bo‘ldi. U Davosdagi Jahon iqtisodiy forumida video havola orqali nutq so‘zlab, valiahd shahzodani “fantastik yigit” deya ta’rifladi.
2023 yil Saudiya va BAAga borgan Putin Muhammad bin Salmonga AQSH va Rossiya o‘rtasida sovuq urushdan keyingi eng yirik mahbus almashinuvini tashkillashtirishda yordam bergani uchun minnatdorlik bildirgandi.
Xullas, Tramp ham, Putin ham Saudiya va BAA hukmdorlari bilan do‘stona munosabatni rivojlantirib kelgan.
Muhammad bin Salmon 2015 yil RFga ilk bor tashrif buyurgandan beri Putin bilan yaqin. O‘zaro qalin munosabat neft eksport qiluvchi dunyodagi ikki yirik davlat rahbarlariga OPEK+ energiya bo‘yicha kelishuvni tuzish va saqlab qolishga yordam berdi. Tramp Saudiya Arabistoni va OPEKni neft narxini pasaytirishga chaqirgan.
Muhammad bin Salmon ham, BAA Prezidenti Muhammad bin Zoid Ol Nahayon ham Ukraina urushi davomida betaraflikni saqlab, Moskvani tanqid qilish va RFga sanksiya qo‘yish masalasida G‘arbga qo‘shilmay keldi. Shunga qaramay, bu ikki arab mamlakati yetakchilari Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan ham muntazam aloqada.
Muhammad bin Zoid Ol Nahayon urush payti Rossiyaga bir necha kelgan va 2024 yil oktyabr oyida so‘nggi tashrifi chog‘ida Ukrainada tinchlik o‘rnatish bo‘yicha sa’y-harakatni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini aytgan. BAA mahbuslarni almashishda ham muvaffaqiyatli vositachilik qildi. Ikkala davlat ham Putinni hibsga olishga order bergan va uning qator davlatlar, jumladan Braziliya va Janubiy Afrikaga tashrifiga to‘sqinlik qilgan Xalqaro jinoiy sud a’zosi emas.
Musulmon Ziyo, O‘zA