O‘rganishlar yakunlari sarhisob qilindi

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator qonun loyihalari hamda fraksiya faoliyatiga oid masalalar ko‘rib chiqildi.
Dastlab yig‘ilishda fraksiya a’zolarining o‘tgan bir hafta davomida hududlardagi o‘rganishlari natijalari muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, fraksiya a’zolari partiyaviy g‘oyalardan kelib chiqib, turizm, tarixiy obidalarni saqlash hamda mahalliy tadbirkorlar faoliyati bilan bog‘liq masalalarni o‘rgandi. Saylovchilar bilan uchrashib, ijtimoiy muammolarni hal qilish choralarini ko‘rdi.

Aniqlangan aksariyat muammolar joyida hal qilingan bo‘lsa, ayrimlari yuzasidan tegishli mutasaddilarga, vazirlik va idoralarga deputatlik so‘rovlarini yuborish, ayrimlarini esa qonunchilikka o‘zgartirish kiritish orqali bartaraf etish maqsadida takliflar tayyorlandi.
Masalan, chimboylik Mivash Torenazarova qoraqalpoq xalqining milliy o‘tovi – «Qora uylar» uchun maxsus bezaklar tayyorlash bilan shug‘ullanib, buyurtmalari ko‘pligidan 35 nafar shogirdini ishga jalb qilishga ehtiyoji bor. Lekin uyi torlik qilayotgani sababli qo‘shimcha bino zarur. «Ustoz-shogird» an’anasi bo‘yicha hunar o‘rganaman degan qizlar ham ko‘p. Hunarmand faoliyatini o‘rgangan deputat Ruslan Jumamuratov bu masalani Chimboy tumani hokimi ko‘magida hal qilishga kirishdi.

Qorako‘l tumani Quvvacha mahallasida bo‘lgan deputat Jahongir Shirinov esa aholi bilan muloqotlarda fuqarolarning ichki yo‘llarni ta’mirlash, simyog‘ochlarni yangilash, ariqlarni betonlashtirish, sport turlari bo‘yicha murabbiy jalb qilish, Toshkent-Olot yo‘nalishidagi poyezd qatnovini ko‘paytirish va bu orqali chipta taqchilligini kamaytirish kabi masalalardagi murojaatlarini tingladi. Bildirilgan muammolarning bir nechtasini hal qilishga erishdi.
Yig‘ilishda bu kabi amaliy o‘rganishlar har oyda tashkil etilib, fuqarolar bilan muloqot qilinishi o‘z samarasini berishi ta’kidlandi. O‘rganishlarni tashkil etishda partiyaning hududiy tashkilotlari va mahalliy Kengash deputatlari bilan hamkorlik masalalariga ham e’tibor qaratish lozimligi aytildi.
Shuningdek, yig‘ilishda muhokama qilingan qonun loyihalari bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.
M.Komilova, O‘zA