Milliy investitsiya jamg‘armasi aktivlarini “Franklin Templeton” kompaniyasi boshqaradi
O‘zbekiston Respublikasi Milliy investitsiya jamg‘armasi va dunyodagi yirik moliyaviy kompaniyalardan biri bo‘lgan “Franklin Templeton Asset Management” MCHJ XK o‘rtasida investitsiya aktivlarini ishonchli boshqarish bo‘yicha shartnoma imzolandi.
Mazkur kelishuv O‘zbekistonda iqtisodiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro investorlarni jalb etish maqsadida amalga oshirilmoqda. Unga ko‘ra, “Franklin Templeton Asset Management” MCHJ XK 18 ta davlat korxonasi va tijorat banki aksiyalaridan iborat investitsiya portfelini boshqaradi hamda ularning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish uchun transformatsiya dasturlarini amalga oshiradi.
Milliy investitsiya jamg‘armasi Prezidentimizning tegishli qarori bilan 2024 yil 24 dekabrda ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Uning kapitali davlatga tegishli 18 ta korxona va tijorat bankining 20-40 foizgacha aksiyalari evaziga shakllanadi. Jamg‘armani Iqtisodiyot va moliya vazirligi boshqaradi.
“Franklin Templeton” jahondagi eng yirik moliyaviy kompaniyalardan biri bo‘lib, 1947 yilda AQSHda tashkil etilgan. Hozirda u 30 tadan ortiq mamlakatda faoliyat yuritadi.
O‘zbekiston bilan tuzilgan shartnoma asosida “Franklin Templeton” davlat korxonalari va banklar strategiyasini qayta ko‘rib chiqadi, korporativ boshqaruvni takomillashtiradi va investitsiyaviy muhitni rivojlantirishga hissa qo‘shadi.
Transformatsiya jarayonlaridan so‘ng Milliy investitsiya jamg‘armasi hamda uning boshqaruvidagi korxonalar va banklar aksiyalari mahalliy hamda xalqaro fond birjalarida sotuvga chiqarilishi rejalashtirilgan.
“Franklin Templeton” kabi nufuzli kompaniyaning O‘zbekistonda ish boshlashi xorijiy investorlarning mamlakatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi va yangi investitsiyalarni jalb qilishga xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA