1 fevraldan qonunchilikda qanday o‘zgarishlar kuchga kiradi?

161

2025 yil 1 fevraldan qonunchilikda bir qator o‘zgarishlar kuchga kiradi. Xususan, og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan onalar uchun “Onalar maskani” xizmati yo‘lga qo‘yiladi, ishsiz va kambag‘al oilalar a’zolari talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitiladi, ijtimoiy karta orqali spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlari uchun to‘lovni amalga oshirish taqiqlanadi va boshqalar…

1 fevraldan milliy qonunchilikda quyidagi o‘zgarishlar kuchga kiradi:

Og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan onalar uchun “Onalar maskani” xizmati yo‘lga qo‘yiladi

“Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga ko‘ra, 2025 yil 1 fevraldan og‘ir hayotiy vaziyatda va yaqin qarindoshlari ko‘magisiz qolganligi natijasida farzandini tarbiyalashdan voz kechmoqchi bo‘lgan onalar, shu jumladan, homilador ayollar uchun bolalar uylarida “Onalar maskani” xizmati yo‘lga qo‘yiladi.

“Onalar maskani”da:

— og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan onalar va ularning bolalari (4 yoshga to‘lmagan) 1 yilgacha bo‘lgan muddatga ijtimoiy shartnoma asosida vaqtincha boshpana bilan ta’minlanadi;

— og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan onalarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi, ularda onalik va kasbiy ko‘nikmalar shakllantiriladi;

— “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan onalarning kasb-hunar egallashi va bandligini ta’minlashga ko‘maklashadi.

30 yoshga to‘lgan fuqarolarga oilaviy bolalar uyini tashkil etishga ruxsat beriladi

Yuqoridagi farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 fevraldan:

— oilaviy bolalar uyini tashkil etish uchun oilaning er va xotindan iborat to‘liq oila bo‘lishi talabi bekor qilinadi;

— 30 yoshga to‘lgan fuqarolarga oilaviy bolalar uyini tashkil etishga ruxsat etiladi;

— ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar oilaga tarbiyaga (patronat) faqat ularning qarindoshlariga beriladi;

— yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning yashash xarajatlari, oilaviy bolalar uyini tashkil etgan fuqarolarga bolani tarbiyalagani (parvarishlagani) uchun ajratiladigan mablag‘lar tarbiyalanuvchilar umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va boshlang‘ich professional ta’lim muassasalarini tamomlaguniga qadar beriladi.

“1070” qisqa raqanli “Ishonch telefoni” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi

“Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda “ijtimoiy karta” tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qaroriga ko‘ra, 2025 yil 1 fevraldan ijtimoiy kartani muomalaga chiqarish va foydalanish uchun taqdim etish masalalari bo‘yicha Ijtimoiy himoya milliy agentligining axborot-ma’lumotnoma xizmatlarini ko‘rsatuvchi “1070” qisqa raqamli va tun-u-kun faoliyat ko‘rsatadigan xizmati (“Ishonch telefoni”) faoliyati test rejimida yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalari uchun ijtimoiy himoya masalalari bo‘yicha “Ishonch telefoni” orqali bepul SMS-xabarnoma yuborish tartibi joriy etiladi. Bunda yuboriladigan SMS-xabarnomalar ijtimoiy axborot hisoblanadi.

Bundan tashqari, fuqarolar bilan ularning ijtimoiy himoyaga doir huquqlarini amalga oshirish va davlat tomonidan amalga oshirilayotgan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari yuzasidan doimiy va manzilli muloqot o‘rnatiladi.

Ayrim chet el yuridik shaxslari foyda solig‘idan ozod etiladi

“Raqamlashtirish sohasida eksport faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga ko‘ra, 2025 yil 1 fevraldan 2030 yil 1 yanvargacha eksport xizmatlari hajmi kalendar yil davomida 10 million AQSH dollaridan oshgan IT-park rezidentlariga axborot texnologiyalari sohasidagi xizmatlarini ko‘rsatgan, O‘zbekiston bilan ikkiyoqlama soliqqa tortishning oldini olish to‘g‘risida bitim tuzilmagan davlatlarning yuridik shaxslari ushbu kalendar yil yakunigacha foyda solig‘idan ozod etiladi.

Ayrim jismoniy shaxslar daronad hamda foyda solig‘ini 5 foiz stavkada to‘laydi

Yuqoridagi farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 fevraldan 2040 yil 1 yanvargacha jami daromadi tarkibida eksporti hajmi 50 foizdan ortiq bo‘lgan IT-park rezidentlarining ta’sischilari (ishtirokchilari) – O‘zbekiston norezidentlari bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslarning dividendlar tarzidagi daromadlariga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i hamda foyda solig‘ining 5 foiz stavkasi tatbiq etiladi.

Ishsiz va kambag‘al oilalar a’zolari talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitiladi

“2025 yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga ko‘ra, 2025 yil 1 fevraldan Kasbiy ko‘nikmalar markazlarida ish beruvchilar buyurtmasi va tijorat banklari mijozlari ehtiyoji asosida ishsiz aholini, shu jumladan, kambag‘al oilalar a’zolarini mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga manzilli o‘qitish tizimi joriy etiladi.

Kasbga o‘qitilayotgan kambag‘al oilalarning ishsiz a’zolariga stipendiya to‘lanadi

Mazkur farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 fevraldan kasblarga o‘qitish maqsadida ajratiladigan stipendiyalar nogironligi bo‘lgan shaxslarga, shuningdek, muddati 3 oydan ko‘p davom etadigan o‘quv kurslariga qabul qilingan Kambag‘al oilalar reestridagi oilalarning ishsiz a’zolariga to‘lanadi.

Ijtimoiy karta orqali spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlari uchun to‘lovni amalga oshirish taqiqlanadi

“Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda “ijtimoiy karta” tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qaroriga ko‘ra, 2025 yil 1 fevraldan ijtimoiy karta orqali to‘langan nafaqa, kompensatsiya va boshqa to‘lovlar (ijtimoiy to‘lov) mablag‘laridan ijtimoiy to‘lovlarni oluvchi oilalarning a’zolari, Kambag‘al oilalar reestriga kiritilgan oilalarning a’zolari hamda oxirgi 12 oy davomida “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan oilalarning a’zolariga spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlari uchun to‘lovni amalga oshirish, shuningdek, tadbirkorlar tomonidan ushbu mahsulotlar uchun to‘lovni qabul qilish taqiqlanadi.

Davlat bog‘chalarida xodimlarning davomati “Bolalar bog‘chasi” AT orqali yuritiladi

“Maktabgacha ta’lim tizimini raqamlashtirish va maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qaroriga ko‘ra, 2025 yil 1 fevraldan tajriba-sinov tariqasida 2025 yil 1 fevraldan Toshkent shahridagi, 2025 yil 1 iyuldan esa qolgan barcha davlat MTTlarida xodimlar va tarbiyalanuvchilarning elektron davomatini yuritish, ish vaqti tabelini shakllantirish, tarbiyalanuvchilarning oziq-ovqat xarajatlarini natura shaklida hisoblash, ota-onalar to‘lovi hamda boshqa to‘lovlar “Bolalar bog‘chasi” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.

Umidon Qurbonov tayyorladi, O‘zA