O‘zbekiston va Germaniya tahlil markazlari agrar sohada tadqiqotlar bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldi

124

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hamda Germaniyaning Leybnits qishloq xo‘jaligini rivojlantirish instituti (IAMO) o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Shartnoma ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, bilim almashish va agrar sohadagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Markaz direktori Obid Hakimov O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan faol islohotlar sharoitida mamlakatning barqaror iqtisodiy o‘sishishni ta’minlashda qishloq xo‘jaligi sohasidagi samaradorlik ko‘rsatkichlarini oshirish va bu borada ilmiy izlanishlarni kengaytirishga zarurat ortib borayotganini ta’kidladi. Respublikada qishloq xo‘jaligining raqobatbardoshligini oshirish va innovatsion texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

IAMO direktori Tomas Xersfeld ushbu hamkorlik Yevropa va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda muhim qadam ekanini qayd etdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, birgalikdagi sa’y-harakatlar ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va qishloq xo‘jaligi siyosatini optimallashtirish bo‘yicha zamonaviy yechimlarni ishlab chiqishga imkon beradi.

Hamkorlik doirasida bilim va tajriba almashish, mutaxassislar uchun seminar va treninglar tashkil etish, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish va hukumat uchun tavsiyalar ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Tomonlar ushbu hamkorlik O‘zbekistonda agrar sektorni barqaror rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash va aholi turmush darajasini oshirishga ko‘maklashish imkonini berishiga ishonch bildirmoqda.

Ma’lumot uchun: IAMO – qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tarmoqlarida iqtisodiy transformatsiya jarayonlarini o‘rganuvchi yetakchi Germaniya tadqiqot instituti. Uning faoliyati qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish bo‘yicha samarali siyosat va strategiyalarni ishlab chiqish maqsadida o‘tish davri iqtisodiyoti davlatlarini, shu jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlarini o‘rganishga qaratilgan.

Mohigul Qosimova, O‘zA