Dzyudo: “Katta dubulg‘a” turnirida O‘zbekiston e’tirof etildi
Fransiya poytaxti Parij shahrida dzyudo bo‘yicha o‘tkazilgan yilning ilk nufuzli musobaqasi bo‘lgan “Katta dubulg‘a” turniri davomida Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF) tomonidan 2024 yilning eng yaxshilari e’lon qilindi.
Keldiyorova va murabbiy Shpittka – 2024 yilning eng yaxshilari
Parij shahriga jam bo‘lgan jahon dzyudochilari, federatsiyalar, murabbiylar uchun hayajonli kechgan taqdirlash jarayonida O‘zbekiston nomi bot-bot tilga olindi.

Xususan, dzyudo bo‘yicha “Parij-2024” oltin medali sohibasi Diyora Keldiyorovaning Olimpiadada yaponiyalik Uta Abe ustidan qozongan g‘alabasi “Yil voqeligi” nominatsiyasinini, O‘zbekiston terma jamoasida o‘ziga xos natijalarni qayd etgan germaniyalik murabbiy Marko Shpittka “Ayollar terma jamoalarining eng yaxshi murabbiyi” nominatsiyasini qo‘lga kiritdi.
Taqdirlash marosimida keng jamoatchilik, tadbirni onlayn tarzda kuzatib borgan millionlab dzyudo ishqibozlari oldida chiqish qilgan Keldiyorova va murabbiy Shpittka O‘zbekistonda mahoratli sportchilarni tayyorlashga, dzyudo sportini keng ommalashtirishga ko‘rsatilayotgan alohida e’tibor haqida to‘xtalib o‘tdi. E’tibor va e’tirof uchun Xalqaro dzyudo federatsiyasi mutaxassislariga, ming-minglab dzyudo ishqibozlariga minnatdorlik bildirdi.

Shahramning oltini, Boturovning bronzasi, O‘tkirning shashti
Bevosita musobaqa tafsilotlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, kecha mahoratli dzyudochimiz Shahram Ahadov -73 kilogramm vaznda oltin medalga sazovor bo‘lgan vaziyatda -60 kiloda o‘z omadini sinab ko‘rgan Bahrom Boturov saralash musobaqalarida Ozarbayjon va Angola davlati vakillarini mag‘lub etdi. Yarim finalga chiqish bellashuvida fransiyalik Romen Valade Pikarga imkoniyatni boy berdi.
O‘z navbatida, Fransiya vakili oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, bronza medali yo‘lidagi kurashlarda ikki nafar Fransuz dzyudochilarini dog‘da qoldirgan Boturov 3-o‘ringa ega chiqdi.

“Katta dubulg‘a” turnirining +100 kilogrammida qatnashgan terma jamoamiz a’zosi O‘tkirbek To‘raboyev saralash bellashuvlarini muvaffaqiyatli o‘tkazdi. Chorak final ostonasida 3-o‘ringa da’vogarlik huquqiga ega bo‘ldi. Biroq bronza medali uchun o‘tgan ilk bahsda yaponiyalik Yuta Nakamuraga yo‘l berib, 7-o‘rin bilan kifoyalandi.
Mukofot jamg‘armasi 154 ming yevrodan iborat xalqaro turnir sarhisobiga ko‘ra, 1 ta oltin, 1 ta bronza va O‘tkirbek To‘raboyevning 7-o‘rinni egallashi ortidan 50 ta davlat orasida O‘zbekiston terma jamoasi kuchli beshlikdan joy oldi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA