Tramp moliyaviy boshqaruvni Maskka topshiradimi?
Donald Tramp ma’muriyati Ilon Mask jamoasiga aloqador g‘aznachilik amaldorlariga trillionlab dollarlik to‘lov amalga oshiriladigan federal tizimga kirish uchun ruxsat berish rejasini tasdiqladi.
G‘aznachilik kotibi Skott Bessent departamentda ishlayotgan, Maskning DOGE guruhi bilan hamkorlik qiladigan “Cloud Software Group” bosh direktori Tom Kraus boshchiligidagi jamoa bilan kelishuv imzoladi. Bu haqda “Politico” xabar bergan.
Yirik moliyaviy va to‘lov amaliyotini nazorat qilgan ko‘p yillik mansabdor Devid Lebrik kutilmagan ushbu yangilikdan so‘ng Tramp rasmiylari bilan to‘qnashuvga duch kelgach, iste’fo berishini e’lon qildi.
Darvoqe, mazkur tizim ijtimoiy sug‘urta va grant oluvchilar, soliqni qaytarish huquqiga ega shaxslar, shuningdek federal ishchilar, davlat pudratchilariga ajratiladigan to‘lovlarni nazorat qiladi.
Mask o‘zi boshchiligidagi hukumat samaradorligini oshirishga xizmat qiladigan guruh faoliyati G‘aznachilikning amerikaliklarga yo‘naltiriladigan mablag‘ ustidan nazoratni kuchaytirish, firibgarlik bilan yoki noqonuniy amalga oshiriladigan to‘lovlarni cheklashga qaratilganini aytdi.