
“Xalqaro minbar” loyihasida O‘monning transport sohasida, jumladan, dengiz agentliklari, yuk tashish va logistika xizmati bilan shug‘ullanuvchi “Sharaf Group” kompaniyasi direktori yordamchisi Talal Xamis Al-Hadidiy O‘zbekistonga tashrifi davomida olgan taassurotlari bilan o‘rtoqlashadi.
– O‘mon Sultonligi Savdo-sanoat palatasi Janubiy Ash-Sharqiya muhofazasidagi boshqarmasi raisi Anvar Hamid Al-Sananiy boshchiligidagi 30 ga yaqin tadbirkordan iborat delegatsiya tarkibida yurtingizga tashrif buyurib, ertaknamo jozibadorlik, mehmondo‘stlikdan tashqari ikki mamlakat o‘rtasidagi eksport-import salohiyatini oshirish, biznes uchun yangi imkoniyatlar yaratish orqali hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlar e’tiborimizni tortdi. O‘zbekiston sayyohlik yo‘nalishlari boy, betakror madaniy va tarixiy merosga asoslangan noyob turizm manzillari bilan jahon bozoriga jadal chiqmoqda.

Toshkentning eng diqqatga sazovor joylaridan biri – Hazrati Imom majmuasida bo‘lganimizda “Qaffol Shoshiy” maqbarasi, XVI asrda qurilgan “Baroqxon” va “Mo‘yi Muborak” madrasalari, “Nomozgoh” va “Tilla Shayx” jome masjidlari bizni ertaklarning nurli olamiga chorlagandek bo‘ldi.
Ayniqsa, o‘rta asrlar Samarqand-Hirot me’morchiligi uslubida qurilayotgan bino – Islom sivilizatsiyasi markazining haybatli gumbazi e’tiborimizni tortdi. “Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans davri”, “Ikkinchi Renessans davri”, “O‘zbekiston XX asrda”, “Yangi O‘zbekiston – yangi Renessans” bo‘limlarini tomosha qildik. Shundan so‘ng majmuaga yana takror kelish niyatini dilimizga tugib, ushbu tabarruk zamindan ilm-ma’rifat o‘chog‘i – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutiga yo‘l oldik.
Mazkur dargoh qadimiy qo‘lyozmalar va tarixiy hujjatlardan iborat madaniy xazina sifatida ilmga befarq bo‘lmagan har qanday kishini beixtiyor to‘lqinlantiradi.

Tarixga nazar tashlasak, marhum Sulton Qobus bin Said muassasaning hozirgi binosini qurishda faollik ko‘rsatganiga guvoh bo‘lamiz. Bu Hazrati oliylarining din, fiqh, tarix, astronomiya, matematika kabi fanlarga mehri, shu yurtdan yetishib chiqqan olimlarga hurmat-e’tibori ramzi edi. Qolaversa, loyiha O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi mavjud madaniy va iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga ham hissa qo‘shgan. 2018 yil mart oyida institut yangi binosining ochilish marosimida ishtirok etgan O‘mon delegatsiyasiga Sulton Haysam bin Toriq Ol Said rahbarlik qilgan. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi rahbariyati, YUNESKO tashkiloti va arab davlatlari elchixonalari vakillari, mamlakatdagi ixtisoslashgan oliy o‘quv yurtlari, arxiv va ilmiy muassasalar mas’ullari ishtirok etgani xorijiy matbuotda ham keng yoritilgan edi.
Ilm maskani bo‘ylab ekskursiya asnosida biz ham boy qo‘lyozmalar fondi bilan tanishdik, restavratorlar, materiallar elektron nusxasini tayyorlovchi mutaxassislar ishini kuzatdik. Nodir manbalar, toshbosma kitoblar, miniatyuralar, xattotlik namunalari va boshqa turli tarixiy hujjatlar, kolleksiyalarning eng yaxshi namunalari to‘plangan ko‘rgazma barchada beqiyos taassurot qoldirdi.

O‘zbek xalqining ulug‘ ajdodlari tomonidan yaratilgan, bugungi ma’rifatli dunyoni hayratga solib kelayotgan ilmiy meros nafaqat bir millat va xalqqa, balki butun insoniyatga daxldor ma’naviy merosidir. Ushbu bebaho boylik, shubhasiz, yangi avlodlar uchun bilim, donolik xazinasi bo‘lib xizmat qiladi.
Zero, qadimdan jahon ilm-fani, islom sivilizatsiyasi rivojiga o‘z asarlari, umrboqiy ta’limoti, insoniyat taraqqiyotiga xizmat qiluvchi ezgu g‘oya va kashfiyotlari bilan ulkan hissa qo‘shgan allomalar merosi har qanday sayyohni mudom hayratga solaveradi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA