Dunyo xabarlari qisqa satrlarda

220

Ahmad Al-Shara’: Suriya jamiyatning barcha qatlamini qamrab oluvchi hukumat tuzadi

Suriyaning yangi hukumati tarkibiga jamiyatining barcha qatlamlari vakillari kiradi, dedi mamlakatning o‘tish davri Prezidenti Ahmad Al-Shara’.
Suriya davlat axborot agentligi Al-Shara’ so‘zlaridan iqtibos keltirgan:

– Biz barcha suriyaliklar vakillari, jumladan erkaklar va ayollar bo‘ladigan o‘tish davri hukumatini shakllantirish ustida ishlaymiz. Hukumat erkin va adolatli saylov bosqichi kelguniga qadar yangi davlat institutlari barpo etish, siyosiy jarayon qonun ustuvorligi doirasida olib borilishini ta’minlash uchun javobgar bo‘ladi.

Shuningdek, yetakchi barcha hududlarni nazorat ostiga olish, fuqarolar tinchligini ta’minlash, xalqqa qarshi jinoyatda ishtirok etganlarning hammasini jazolashga e’tibor qaratishini bildirdi.

YeI Qozog‘istonni RFga qarshi sanksiyaga qo‘shilishga undamaydi

– Qozog‘iston sanksiyani qabul qilishi talabini qo‘ymaymiz, – dedi Yevropa Ittifoqining sanksiya masalasi bo‘yicha maxsus vakili Devid O`Sallivan Ostonaga tashrifi chog‘ida. – Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘iston o‘rtasidagi qonuniy savdo munosabatiga aralashish yoki biror usulda bu aloqalarni buzishga intilish niyatimiz yo‘q. Bizni tashvishlantirayotgan jihat shuki, ayrim nopok biznes vakillari Qozog‘istonni sanksiyani chetlab o‘tish uchun maydon sifatida ko‘rishi va ushbu vaziyatdan foydalanishi mumkin.

Shu asnoda u qo‘shni respublikaning ayrim kompaniyalari YeI tomonidan joriy qilinayotgan navbatdagi, 16-sanksiya ro‘yxatiga kiritilishi mumkinligini ham qo‘shimcha qildi.

AQSHda samolyot bilan to‘qnashgan vertolyotni ayol boshqargan

Vashingtondagi Ronald Reygan nomli xalqaro aeroport yaqinida “American Airlines” yo‘lovchi samolyoti bilan to‘qnashib ketgan “Black Hawk” vertolyotini 500 soatlik parvoz tajribasiga ega ayol uchuvchi boshqargan ekan. Bu haqda ABC tabiiy ofatlar bo‘yicha Birlashgan qo‘mondonlik markazida ishlaydigan sobiq uchuvchi Jonatan Koziolga tayanib axborot bergan.

Avvalroq shu telekanal vertolyot ekipaji minglab parvoz soatiga ega malakali mutaxassislar ekanligini ma’lum qilgandi.

Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, parrakli uchoqda uch nafar harbiy xizmatchi –  yo‘riqchi, uchuvchi va muhandis bo‘lgan. Yo‘riqchi 1000 soatdan ko‘p, uchuvchi 500 soatdan ortiq uchgan. Bort muhandisi ham bungacha yuzlab soatni samoda o‘tkazgan.

Shvetsiya Ukrainaga 1,2 milliard dollar ajratadi

Shvetsiya mudofaa vaziri Pol Yonson matbuot anjumanida ushbu mamlakat Ukrainaga yana 1.2 milliard dollar ko‘mak berishini e’lon qildi. Rossiya bilan urush boshlangandan beri Stokgolm Kiyevga 18 marta moliyaviy yordam bergan. Faqat bu galgisi eng ko‘pi. Mulozimning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi mablag‘ Shvetsiya Ukrainani uzoq muddat qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini tasdiqlaydi.
8 komponentdan iborat yordam to‘plami yangi uskunalar, jumladan Shvetsiya va Yevropaning boshqa mudofaa kompaniyalari mahsulotini sotib olish ko‘zda tutilgan muhim maqsadlarga yo‘naltiriladi.

Qozog‘iston Bosh vaziri Eron vitse-prezidenti bilan uchrashdi

Olmaotada bo‘lib o‘tgan Yevrosiyo hukumatlararo kengashi yig‘ilishida Qozog‘iston Bosh vaziri O‘ljas Bektenov va Eron vitse-prezidenti Muhammad Rizo Orif o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokara chog‘ida  savdo-iqtisodiy hamkorlikni, jumladan, transport, logistika va sarmoyaviy yo‘nalishda chuqurlashtirish masalasi muhokama qilindi. Davlat rahbarlari tomonidan belgilangan o‘zaro tovar ayirboshlash miqdorini 3 milliard dollarga yetkazish maqsadiga alohida e’tibor qaratildi.

G‘azo AQSH va Saudiya Arabistoni yordamida tiklanadi

Falastin ma’muriyati Bosh vaziri Muhammad Mustafo  “Bloomberg”  agentligiga AQSH va Saudiya Arabistoni ko‘magida G‘azoni qayta qurish rejalashtirilayotganini aytdi. Ta’kidlanishicha, buning uchun XAMASni hokimiyatdan chetlatish va Isroil qo‘shinini sektordan olib chiqish kerak.

Mustafo Tramp ma’muriyati bilan bo‘lajak hamkorlik haqida ijobiy fikr bildirdi. “Mintaqaviy mojaroga barham beradigan muvozanatli kelishuvga erishishda Vashingtonning yordamiga ishonish uchun asoslar borligi”ni ta’kidladi.
G‘azo aholisini boshqa mamlakatlarga ko‘chirish masalasiga doir savollarga javob berarkan, hukumat yetakchisi bu rejada yo‘qligi, chunki falastinliklar o‘z yurtida qolishga ahd qilganini tasdiqladi.

Antaliyada 50 ta mehmonxona yopildi, Istanbulda ham keng ko‘lamli tekshiruv

Turkiya hukumati Boludagi tog‘-chang‘i kurortida yuz bergan fojia ortidan mehmonxona biznesida keng ko‘lamli tekshiruvni davom ettirmoqda. Antaliyada litsenziya yo‘qligi va xavfsizlik talabiga rioya qilmaslik bilan bog‘liq qoidani buzgan 50 mehmonxona faoliyati allaqachon to‘xtatilgan.

Tekshiruv turli idoralar, jumladan Turizm vazirligi bilan kelishilgan holda olib borilmoqda.

Xuddi shunday choralar Istanbulda ham ko‘rilyapti. Shahar gubernatori Dovut Gul ruxsatnomasiz, noqonuniy ishlayotgan har qanday mehmonxona hafta oxirigacha yopilishini ma’lum qildi. Rasmiylar qaror ijrosini ortga surish niyatida emas.

AQSH Tayvanning materik Xitoyga tinch yo‘l bilan qo‘shilishiga qarshi emas

– Tayvan atrofidagi vaziyat qay yo‘sinda rivojlanishidan qat’i nazar, muammo tinch yo‘l bilan hal qilinishi muhim, – dedi AQSH Harbiy dengiz floti amaliyot, rejalashtirish va strategiya bo‘limi boshlig‘i yordamchisi, kontr-admiral Ben Nikolson Atlantika kengashi konferensiyasida so‘zga chiqib. – Agar orol aholisi Xitoy bilan integratsiyani xohlasa va bu jarayon tinch yo‘l bilan amalga oshsa, mayli. Hamma tinchlik va barqarorlikni xohlaydi. Hech kimga ortiqcha mojaro kerak emas.

S.Rahimov, O‘zA